Talabalar va o‘quvchilar uchun qishki ta’til kunlari e’lon qilindi
Talabalar va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022 yil 26 dekabridan 2023 yil 9 yanvariga qadar etib belgilandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, ta’til muddati Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining tegishli buyrug‘i bilan belgilangan.
“Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatlari bilan kelishuv asosida talaba-o‘quvchilar uchun qo‘shimcha joylar sonini ko‘paytirish, OTM tomonidan tavsiya etilgan joylarda esa sayyor kassalar joriy etish choralari ko‘riladi”, deya ta’kidladi Ibodov.
Ma’lum qilinishicha, mazkur belgilangan tartiblar nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi va ularning rahbariyati tomonidan alohida belgilanishi mumkin.
Qayd etish joiz, talabalar turar-joylari o‘z faoliyatini 2023 yilning 5 yanvar sanasidan boshlaydi.