Smartfondan foydalanish oqibatida g‘ilaylik kelib chiqishi mumkin
Janubiy koreyalik olimlar smartfondan faol ravishda foydalanish bolalar uchun zararli ekanligini e’tirof etdi. Nigoh doimiy ravishda kichik ekranga qadalaversa, kesishuvchi g‘ilaylik yuzaga keladi, deb yozadi “Hi-tech.mail.ru”.
Chonnam milliy universiteti kasalxonasi tadqiqotchilari 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 12 bemorni o‘rgandi. Ularning barchasi kesishuvchi g‘ilaylik — nigoh burun tomonga qarab qoladigan holatdan azob chekkan.
Bu bolalarning barchasi smartfonlarga kuniga 4—8 soat vaqt sarflagani aniqlandi. Bunda ko‘zdan ekrangacha bo‘lgan masofa 20—30 santimetrni tashkil etgan.
Odatda kesishuvchi g‘ilaylik besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda rivojlanadi. Osiyo mamlakatlarida bunday kasallik juda kamdan-kam uchraydi, Yevropada esa bunday tashxis ancha ko‘p qo‘yiladi.
Shifokorlar bemorlarga, birinchi navbatda, smartfonlarni ko‘zdan xoli qilib, ikki oy davomida ulardan foydalanmaslikni tayinladi. Shundan so‘ng 12 bemordan to‘qqiz nafari tezda sog‘ayishni boshladi.
Shifokorlar ta’kidlashicha, g‘ilaylik va ko‘rish qobiliyatining buzilishi bilan bog‘liq boshqa muammolar oldini olish uchun smartfondan uzluksiz foydalanishni cheklash — gadjetga bir yo‘la 30 daqiqadan ko‘p vaqt ajratmaslik kerak. Bolaning ko‘zlari joylashuvi me’yordan chetga chiqqanini payqashi bilan, ota-ona uni oftalmologga ko‘rsatishi zarur.