9 avgustga o`tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumani hududida joylashgan Aurum 898 tungi klubida pichoqbozlik ro`y berdi. Hodisa oqibatida erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjaev vafot etdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, Jamshid Kenjaev tungi klubi qo`riqchilari bilan o`zaro janjallashib, yonida bo`lgan oshxona pichog`i bilan ularning ikki nafariga tan jarohatlari etkazgan.
Janjal davomida voqea joyida bo`lgan «Aurum» tungi klubida qo`riqlovchi yordamchi Sh.Qilichov Kenjaevning qo`lidan oshxona pichog`ini tortib olib, unga og`ir tan jarohati etkazgan.
Qo`riqchilardan biri Sherali Ilyasov 7-sonli ShKShga, ikkinchisi Abdurasul Mirzaev 1-sonli Respublika klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Jamshid Kenjaev esa Yunusobod tumanidagi 7-sonli ShKShga yotqizilib, tez tibbiy yordam ko`rsatilsada, etkazilgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Jamshid Kenjaevning o`limiga sabab bo`lgan tan jarohatlarini etkazishda gumonlanib, tungi klubning uch qo`riqchisi — 24 yoshli Saidazim, 29 yoshli Shodali va 26 yoshli Jahongir qo`lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan 09.08.2018 yil sanasida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Sh.Q.ga nisbatan JKning 25, 97-moddasi 1-qismi, ya`ni qasddan odam o`ldirish jinoyati bilan jinoiy ish qo`zg`atilgan. U JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi O`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish bo`limi tomonidan olib borilmoqda.
Xalqaro toifadagi sport ustasi, O`zbekiston chempioni, Osiyo chempionati va Osiyo o`yinlari ishtirokchisi hisoblangan Jamshid Kenjaev 61 va 65 kg vazn toifasida musobaqalarda qatnashib kelgan.