Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 191 kishiga yetdi
Qozog‘istonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bo‘yicha yana 41 ta holat qayd etildi, deb xabar beradi Tengrinews. Nur-Sultonda 32 ta yangi holat qayd etilgan bo‘lsa, Olmaota shahrida — ikkita, Sharqiy-Qozog‘iston va Oqmo‘la viloyatlarida ham ikkitadan, Olmaota, Qizilo‘rda, Atirau viloyatlarida — bittadan holat aniqlangan. Hozirgi vaqtda Qozog‘istonda COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 191 kishiga yetgan. Bemorlarning asosiy qismi Nur-Sulton (107) va Olmaotada (57). Eslatib o‘tamiz, 26-mart kuni Qozog‘istonda koronavirus oqibatida 64 yoshli ayol vafot etgan edi. Nur-Sultonda karantin vaqtida cheklovlar kuchaytirilgan, shaharga kirib-chiqish to‘liq yopilib, blokpostlar o‘rnatilgan.