Qozog‘istonda ikki kishining koronavirus bilan og‘rigani ma’lum bo‘ldi. Ularning ikkisi ham Germaniyadan qaytib kelgan fuqarolardir. Bu haqda «Tengrinews» xabar bermoqda. «Biz uch oydan beri koronavirusning kirib kelishiga qarshi kurashyapmiz. Importning oldini olish uchun barcha zarur choralar ko‘rildi. Ammo bugun ikki fuqaromiz koronavirus yuqtirib olgani tasdiqlandi. Ular Germaniyadan kelgan. Ayni paytda ular Olmaotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishmoqda. Bemorlar o‘zlarini yaxshi his qilyapti. Barcha zarur choralar ko‘rilmoqda», — deydi Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Eljan Birtanov. Avvalroq Qozog‘iston maktablarida koronavirus tufayli muddatidan oldin ta’til e’lon qilingandi.