Qashqadaryoda 23 yoshli sportchining jasadi Qarshi magistral kanalidan topildi
Holat bo‘yicha Qarshi shahar prokuraturasi tekshiruv boshlab, tibbiy ekspertiza tayinlagan. Agar qotillik ro‘y bergani tasdiqlansa, bu oxirgi bir yil ichida uchinchi qashqadaryolik sportchining o‘ldirilishi bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida yashovchi 23 yoshli sportchining jasadi Qarshi magistral kanalidan topilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum sportchining jasadini FVB g‘avvoslari topa olmagach, 2022 yil 14 iyul kuni uning akasi qarindoshlari bilan birga qidirib topgan.
Marhumning akasi ukasi qotillik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Qarshi shahar hududidan oqib o‘tuvchi Qarshi magistral kanalidan 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro K.I.ning jasadi topilgani holati yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ish bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.