Prezident Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi
Ramazon Hayitini nishonlash to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 15 iyun juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarori inobatga olinib, 2018 yil 15-17 iyun kunlari, ya’ni Ramazon hayitining birinchi uch kuni bayram sifatida keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan, mutasaddi idoralarga Ramazon hayitini joylarda xalqimizning milliy urf-odatlariga mos tarzda, tartibli va yuqori darajada o‘tkazish uchun zarur tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklandi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etildi.