Obid Asomov Avaz Oxun va Comedy Club’ni tanqid ostiga oldi
Taniqli so‘z ustasi Obid Asomov Comedy Club guruhi hamda qiziqchi Avaz Oxun haqidagi fikrlarini bayon qildi, deb xabar bermoqda “Diydor aziz”.
San’atkor “Shok.uz” saytiga bergan intervyusida Avaz Oxunning gaplariga umuman kulmaganini aytdi.
“Farzandlarim bilan Avaz Oxunning konsertiga tushdik, qizim kuldi, bilmadim, men umuman kulmadim. U meni kuldira olmadi”, — dedi so‘z ustasi.
Shuningdek, u zamonaviy Comedy Club’chilar borasidagi fikrini ham ochiq-oydin aytdi:
“‘Klub’ so‘zining o‘zi aytib turipti — ular aytayotgan hazillar kichkina klub, tor doiraga mo‘ljallangan. Lekin ular 4300 nafar odam to‘la zalda beparda gaplarni aytishlari umuman madaniyatimizga to‘g‘ri kelmaydi. U yerda qiz poshshalar, uylanmagan yigitlar bor, ularning hazillarini oilaviy o‘tirib eshitib bo‘lmaydi. Bu yo‘ldan avval AQSh, Rossiya ham o‘tgan. Hatto ular ham sharmsiz hazillardan zerikkan”.
Shuningdek, jurnalistning “to‘ylarga yuryapsizmi?” degan savoliga Asomov “Albatta, bo‘lmasa bola-chaqamni kim boqadi?” deb javob qaytardi.
“Daryo” izohi: O‘zbekistonda Comedy Uz nomli loyiha faoliyat yuritib kelayotganini inobatga olsak, san’atkor ushbu o‘rinda, Comedy Club haqida gapirar ekan, aynan Comedy Uz’ni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.