Qiziqchi Avaz Oxunni ko‘pchilik “Hojiboy Tojiboyevga o‘xsharkan deydi”. Ana shu ta’rif ham, uning qiziqarli chiqishlari ham odamlar ko‘nglidan tez joy olishiga sababchi bo‘ldi. “Erkak.uz” sayti qiziqchini suhbatga tortdi.
- Sizni marhum san’atkor Hojiboy Tojiboyevga o‘xshatishadi. Rostdan ham u kishining shogirdi bo‘lganmisiz?
- Rahmatli Hojiboy akaning yonida shogird bo‘lib yurmaganman. Konsertlariga kirardim, u kishiga havas qilardim. 2003 yilda konsertida chiqish qilganman. Sahnada duo qilgan. Mashhur san’atkorimizga o‘zim bilmagan holda beixtiyor o‘xshab qoldim. Ataylab qilsam o‘xshamaydi. Bizni o‘xshatishlariga sabab, ustozning yo‘nalishi, o‘ziga xos maktabi bor edi. Ya’ni xalqning o‘zidan olib, o‘ziga berardi. Hojiboy aka “Bir aktyor teatri” yo‘nalishida ijod qilgan. Men ham shu yo‘nalishni tanlaganman. Balki shuning uchun o‘xshatishar.
- Ayrim hollarda qiziqchilikning bachkanalikka aylanishi ko‘zga tashlanmoqda. Qiziqchi odamlarni kuldirish uchun beparda, hayosiz gap aytishga haqlimi?
- Yaqinda bir davrada o‘tirgandim. Bir kishi siz bema’ni gap gapirmas ekansiz-a, dedi. Tasavvur qiling, men gapirayotgan gapni birinchi qatorda o‘tirgan ota-onam, o‘rtaroqda o‘tirgan singlim, orqada o‘tirga ayolim va otaxon-onaxonlar eshitadi. Qiziqchi shunday ijod qilishi kerakki, sahnadagi gapni ota-onasi yonida ham, boshqalar oldida ham bemalol gapira olsin. Menga ustozlarim o‘rgatganidek, sahnaga chiqishdan oliy maqsad, bu kuldirish emas, balki tomoshabinga ma’naviy ozuqa berishdir. Muxlis zalda miriqib kulsayu, tomosha tugaganidan keyin nimaga kulgani esidan chiqib ketsa, bu qiziqchi uchun yaxshi holat emas. Muxlis konsertingizga pul to‘lab kirdimi, shunga arzirli ma’naviy kuch, ozuqa ola olishi kerak.
Qiziqchilikda behayo mavzularning ko‘payishi, bu maktab, ustoz ko‘rmagan shogirdlarning o‘rtamiyona urinishlaridan boshqa narsa emas. Bu tomoshabinni kuldirishning eng yengil yo‘li. Qiziqchi harakat qilsa, ozgina kuzatuvchan bo‘lsa mavzu qalashib yotibdi.
- So‘z ustalari ba’zan internet orqali xandalarni tarjima qilib, xalqqa yetkazishadi. Bu latifalar orasida millatimiz ruhiyatiga begona, mentalitetimizga yot holatlar aks ettirilganlari ham uchrab turadi. Bunga sabab nima, qiziqchilar uchun yozilgan manba kamligidanmi yoki ularning dangansaligidan?
- Hamma har xil manbadan foydalanadi. Lekin eng asosiysi, hajviyani qaysi yo‘l bilan olmasin, uning muxlisga ma’qul kelish yoki kelmasligini o‘ylasin. Tomoshabinning shaxsiyatiga tegishga, biror bir kamchiligining ustidan kulishga hech kimning haqqi yo‘q. Kimningdir soqovligi, kar yoki ko‘rligini mazax qilish mumkin emas. Qiziqchi ma’naviy kamchiliklarning ustidan kulishi kerak. Qolaversa, yoshlarimiz taqlidni yaxshi ko‘radi. Qaysidir yosh san’atkorning gapirgan behayo gapi yoki biror xatti-harakati yoshlar o‘rtasida ommalashib ketayapti. Axir ko‘chada, choyxonada gapiriladigan gapni sahnaga chiqarib bo‘lmaydi.
Zuhra RO‘ZIYEVA suhbatlashdi
|