Avaz Oxun nima uchun fonogrammadan foydalanishini tushuntirdi
Qiziqchi Avaz Oxunning “Istiqlol” san’at saroyida tashkil etiladigan “O‘zimizning gaplar” nomli bo‘lajak konsert dasturida fonogrammadan foydalaniladi. Bu “7×7” gazetasi xabar bermoqda.
Gazeta muxbirining: “Xonandalarning fonogrammadan foydalanishini tushunish mumkin, ammo qiziqchilarga ham fonogramma kerakmi?”, — degan savoliga Avaz Oxun shunday javob berdi: “Aytaylik, Avaz Oxun deb meni tanishtirgan payt quruq chiqib kelmayman-ku. Ana o‘shanda biror musiqa qo‘yiladi. Shu musiqa uchun ham “fonogrammada ijro etiladi”, deb e’lon qilinishi kerak”.
Avaz Oxunning aytishicha, aslida qiziqchilikni fonogramma qilib bo‘lmaydi. “Gaplarni oldindan yozib olsam-da, qo‘ysam, tomoshabin mazza qilib kuladigan payt fonogramma kutib turolmaydi — gapirib ketaveradi. Yoki shu yerda muxlis keladi, deb to‘xtalish qilgan bo‘lsam, [hech kim kulmasa], disk [davomini] o‘qib yuborolmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi qiziqchi.
Avaz Oxun intervyu davomida marhum qiziqchi Hojiboy Tojiyevning “bir-ikkita gaplaridan foydalanishi”ni, unga to‘liq taqlid qilmasligini ma’lum qildi, shuningdek, boshqa bir taniqli qiziqchi — Mirzabek Xolmedov bilan munosabatlari yomonlashgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi.