Rossiya poytaxti Moskvada O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga haykal o‘rnatish masalasi shahar dumasi huzuridagi monumental san’at komissiyasining 8-dekabrdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi. “TASS”ning komissiya raisi, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan me’mor Igor Voskresenskiyga tayanib yozishicha, masala ijobiy hal bo‘lishi ehtimoli juda yuqori.
Islom Karimovga haykal o‘rnatish taklifi bilan Moskva hokimiyatiga O‘zbekiston elchixonasi murojaat qildi.
“Endilikda Moskva hokimiyati bu masala bilan bizga chiqdi. Bu masala ijobiy hal bo‘lishiga shubha qilmayman, negaki u davlatlararo darajada muhokama qilingan”, — dedi Voskresenskiy.
Uning so‘zlariga qaraganda, yodgorlik Polyanka ko‘chasi yaqinida, elchixona oldida joylashgan, Islom Karimov nomidagi xiyobonda o‘rnatiladi.