O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 29 mart, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovi dastlabki natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, amaldagi Prezidenti Islom Karimov 90,39 foiz ovoz (17,127 milliondan ortiq saylovchi ovoz bergan) bilan keyingi besh yil muddatga O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
MSK raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovning ma’lum qilishichA, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, saylovda nomzodlar Akmal Saidov 3,08 foiz, Hotamjon Ketmonov 2,92 foiz, Narimon Umarov esa 2,05 foiz ovoz to‘pladi.
Saylov byulletenlarining 1,5 foizi haqiqiy emas deb topilgan.
Ma’lumot uchun
O‘zbekistonda ilk Prezident saylovi 1991 yil 29 dekabrda o‘tkazilgan bo‘lib, unda Xalq-demokratik partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etgan Islom Karimov 87,1 foiz ovoz bilan g‘olib chiqqan; saylovdagi ikkinchi nomzod – “Erk” demokratik partiyasidan Muhammad Solih 12,5 foiz ovoz to‘plagan.
2000 yil 9 yanvarda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Prezident saylovida davlat rahbari o‘rni uchun amaldagi Prezident Islom Karimov (“Fidokorlar” partiyasidan) va faysaluf Abdulxafiz Jalolov (Xalq-demokratik partiyasi) bellashgan. Saylovda Islom Karimov 95,7 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan, Jalolov saylovchilarning 4,3 foiz ovozini to‘plagan.
2007 yil 23 dekabrda bo‘lib o‘tgan navbatdagi Prezident saylovida O‘zLiDePdan nomzod sifatida ishtirok etgan Islom Karimov 90,76 foiz ovoz bilan ikkinchi marta yetti yillik muddatga saylangan. Boshqa nomzodlar – O‘zXDPdan Asliddin Rustamov, “Adolat” SDPdan Dilorom Toshmuhamedova va mustaqil nomzod Akmal Saidov mos ravishda 3,27, 3,03 va 2,94 foizdan ovozni qo‘lga kiritgan.
Manba:kun.uz
|