O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmasligini ta’kidlab o‘tdi.
“Hozirgi kunda yaqin va uzoq atrofimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar, to‘qnashuv va qon to‘kishlar, nizo va adovatlar kuchayib borayotganini, muxtasar aytganda, vaziyat g‘oyat qaltis bo‘lib, tobora murakkab va keskin tus olayotganini ko‘rmasligimiz mumkin emas.
Bunday o‘ta tahlikali vaziyatda bizning olib borayotgan siyosatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida, xalqaro qonun va normalarda muhrlab qo‘yilgan asosiy prinsiplarga rioya qilish, yuzaga keladigan qarama-qarshilik va nizolarni zo‘ravonlik bilan emas, faqatgina tinch va siyosiy yo‘l bilan hal etishni, bugungi kunda dunyoning turli hududlarida davom etayotgan urush va qon to‘kish holatlarini so‘zsiz to‘xtatishni nazarda tutadi.
Yana va yana bir bor aytib o‘tishni zarur deb bilaman: O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmaydi, o‘z hududida chet el harbiy bazalarining joylashtirilishiga, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi.O‘zbekiston davlatining qonuni darajasiga ko‘tarilgan bu tamoyillarni, ayni shunday chuqur o‘ylangan yo‘lni, shunday siyosatni biz uchun eng to‘g‘ri, eng ma’qul deb bilamiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz.
Ilgari ham aytganman – bizga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Bu – o‘zbek xalqining istagi, bu – o‘zbek xalqining maqsadi, bu – o‘zbek xalqining qaroridir.
Biz boshimizdan kechirayotgan zamon barchamizdan avvalo ogoh va sezgir bo‘lib yashashimizni, tinch va osuda hayotimiz uchun, musaffo osmonimizni himoyalash uchun kurashishimizni talab qiladi.
Shu maqsadda biz yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan til topishib, o‘zaro do‘stona munosabatlarni, mintaqamizda hamkorlik va hamjihatlikni yanada kuchaytirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz”, deb ta’kidladi Islom Karimov.
|