Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

“O‘zbeklar qirg‘ini” bo‘yicha sud boshlandi

Joriy yilning 15 avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekning Pervomay tuman sudida 2010 yil iyunidagi tarixga “O‘sh voqealari” nomi bilan kirgan qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro bo‘yicha yana bir ish doirasida yopiq eshiklar ortidagi sud jarayoni boshlandi.

10 avgust kuni tergov yakunlanib, ish materiallari sudga yuborilgani ma’lum bo‘lgandi. Ish doirasida 2010 yildagi Muvaqqat hukumatning to‘rt nafar a’zosi: sobiq Prezident Almazbek Atamboyev, o‘sha paytdagi Mudofaa vaziri Ismoil Isoqov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Keneshbek Duyshebayev va Jalolobod viloyatining sobiq gubernatori Bektur Asanov “xizmat vakolatini suiiste’mol qilish”da ayblanyapti.

Ismoil Isoqovning advokati Oltinbek To‘qtosunovning aytishicha, tergov qonunbuzarliklar bilan olib borilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov jarayonida olingan ma’lumotlar nomaqbul dalil bo‘lib, shu munosabat bilan suddan ularni ish materiallaridan chiqarib tashlashni so‘ragan.

Advokat, shuningdek, Bosh prokuratura eski Jinoyat kodeksi moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ushbu ishni Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining yangi tahriri moddasiga o‘zgartirmaganini va uni yagona reyestrga kiritmaganini ta’kidladi.

“Bosh prokuratura ikki oylik tergovdan so‘ng 1 fevral kuni “ayblanuvchining yo‘qligi sababli” ishni to‘xtatdi. Ammo keyin tergovni davom ettirmasdan, ular amaldagi Prezident Sadir Japarov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyev, deputat Suyun Omurzoqov, Jalolobodning sobiq meri Maqsat Jeenbekov va sobiq deputat Axmatbek Keldibekovni muhokamalarga chaqirishni boshladi. Bularning barchasi ish rasman qayta ochilgan 18 maygacha amalga oshirildi”, deydi advokat.

Biroq sudya Chingiz Berdimurotov bu masaladagi rasmiy murojaatni rad etdi. Ayblanuvchi vakillari uning qaroriga rozi emasligini, shu bois Bishkek shahar sudiga apellyatsiya shikoyati berish niyatida ekanini bildirgan.

2021 yil aprel oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 304-moddasi (“Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish”) bo‘yicha 2010 yil iyun voqealaridan keyin sobiq Muvaqqat hukumat amaldorlariga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov qayta boshlaganini e’lon qildi. Ular 2010 yilning may-iyun oylarida respublika janubida fojiali oqibatlarga olib kelgan Qodirjon Botirovning mamlakatdan noqonuniy chiqib ketishiga yordam berganlik fakti bo‘yicha ochilgan.

Undan oldin esa Prezident Sadir Japarov maxsus xizmatga iyun voqealari materiallarini qayta o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Tekshiruv qayta boshlanganiga bir yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay, ish doirasidagi asosiy tadbirlar joriy yilda amalga oshirildi. Muvaqqat hukumat a’zolari, amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyev kabi 20 ga yaqin siyosatchi bilan suhbat o‘tkazildi. Tashiyev 25 aprel kuni Bosh prokuraturada so‘roq qilindi, so‘ng jurnalistlarning savollariga javob berdi.

“Men bilganlarimni aytdim... Davlat va deputatlik komissiyalarining hisobotlarida asosiy ayb Muvaqqat hukumat a’zolarida ekanligi aniq belgilangan. Janubda o‘z ta’siri va qudratini saqlab qolishga harakat qilib, mahalliy ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlab, o‘z imkoniyatlaridan suiiste’mol qilmoqchi bo‘ldilar. Natijada millatlararo to‘qnashuvlar kelib chiqdi. Oqibatda 500 ga yaqin odam halok bo‘ldi, bir necha yuz ming kishi jarohatlandi va davlatga katta zarar yetkazildi... Bu yerda, shuningdek, [ayblovga] “Harakatsizlik” moddasi qo‘shilishi kerak, chunki bu yerda juda shubhali – Qodirjon Botirov nega qochib ketdi? Kim uning ketishiga imkoniyat berdi?”, degan Tashiyev.

Sobiq Prezident Almazbek Atamboyevning advokati Zamir Jooshev bu ish bo‘yicha tergovning qayta boshlanishini noqonuniy deb hisoblayapti.

“Bu holatda jinoiy javobgarlikka tortish muddati 2020 yilda tugagan. Shuning uchun tergovchilar tergovni to‘xtatishi kerak edi. Ammo ular buni qilmagan taqdirda ham, sudya ishni ko‘rishni boshlashdan oldin, ayblanuvchiga murojaat qilishi va ishni to‘xtatish kerakligini so‘rashi kerak edi. Biroq sudya buni qilmadi, ya’ni u o‘z majburiyatlarini bajarmadi va jarayonni davom ettirdi”, degan advokat.

Ish doirasida ayblanuvchilardan biri Ismoil Isoqov jarayonni siyosiy ta’qib sifatida baholagan.

“Albatta, bu siyosiy buyurtma va ta’qibdir. Hukumatni tanqid qilayotganimiz xalqqa yetib bormasligi uchun urinish. Ikkinchidan, asosiy maqsad qochqin Prezident Qurmanbek Bakiyevni oqlash”, degan Isoqov.

Shu bilan birga, u 2010 yil iyun oyida o‘sha paytda “Ata Jurt” partiyasidan Jo‘qorg‘u Kenesh deputati bo‘lgan Sadir Japarov va Qamchibek Toshiyevning harakatlariga ham tegishli huquqiy baho berilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

“O‘sha voqealar paytida ular ham O‘sh, Jalolobod va bu shaharlarga tutash hududlarda bo‘lgan. Ularning harakatlarini ham baholash kerak. Sud jarayonida biz ham videolarimiz va boshqa dalillarimizni namoyish qilamiz”, degan ayblanuvchi.

Bu ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 25 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, Muvaqqat hukumat 2010 yil aprel voqealaridan keyin tuzilgan. Unga 14 kishi, jumladan, Roza Otunboyeva (MH rahbari), Almazbek Atamboyev (birinchi o‘rinbosar), Temir Sariyev va Azimbek Beknazarov (MH rahbari o‘rinbosari), Damira Niyozaliyeva (Sog‘liqni saqlash vaziri) kirdi. Emilbek Kaptagayev MH apparati rahbari edi.

Iyun voqealari bo‘yicha jinoiy tergov 2021 yil aprel oyida qayta tiklangan. Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish” moddasi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Muvaqqat hukumat mansabdor shaxslariga nisbatan 2010 yilning may-iyun oylarida respublika janubida fojiali oqibatlarga olib kelgan sabablardan biri – Qodirjon Botirovning mamlakatdan to‘siqlarsiz noqonuniy chiqib ketishiga ko‘maklashganlik fakti bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. 

2010 yilning iyun oyi Qirg‘izistonning janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. Ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.  



Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 2824 | Рейтинг: 0| Рейтинг: o‘zbeklar, boshlandi, qirg‘ini, bo‘yicha, sud
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 13:51
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное