Vyetnamning Xoshimin shahrida davom etayotan futzal bo‘yicha
Osiyo chempionatining "D” guruhi ikkinchi tur o‘yinida O‘zbekiston
terma jamoasi 3-may kuni amaldagi Osiyo chempioni – Yaponiya terma jamoasiga
qarshi maydonga tushdi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bu haqda Uff.uz xabar
berdi.
O‘yinning birinchi bo‘limi 9-daqiqasida yaponiyalik
futzalchilar hisobda oldinga chiqib oldi, ammo oradan bir daqiqa o‘tmasdan
Andrey Shlema o‘rtadagi muvozanatni tikladi – 1:1.
O‘yinning ikkinchi bo‘limi teng kurashlar ostida kechdi,
ammo o‘yinning asosiy vaqti so‘nggi daqiqasida Artur Yunusov O‘zbekiston terma
jamoasiga g‘alaba keltirgan gol muallifiga aylandi.
Shu tariqa, 2-tur uchrashuvida Yaponiyani mag‘lubiyatga
uchratgan Bahodir Ahmedov shogirdlari guruhdagi ochkolari sonini to‘rttaga
yetkazdi. Guruhning ikkinchi o‘yinida Qirg‘iziston terma jamoasi Janubiy
Koreyani 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi guruhning
so‘nggi o‘yinida Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Ushbu
o‘yin 5-may kuni soat 16:30 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni bo‘lib o‘tgan birinchi tur
o‘yinida Bahodir Ahmedov bosh murabbiyligidagi o‘zbekistonlik futzalchilar
Qirg‘iziston terma jamoasi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan edi.