Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar qildi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.
Mazkur qaror 81 ta oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va 136 ta ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari tarkibining barcha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari sezilarli oshirilishini nazarda tutadi.
Jumladan, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini tabaqalashtirilgan holda:
— oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining — o‘rtacha 25 foizga va stajer-o‘qituvchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega professor ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish;
— ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy xodimlarining — o‘rtacha 25 foizga va stajyor-tadqiqotchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga va professor ilmiy unvoniga ega bosh ilmiy xodim ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish;
— bazaviy doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga — ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo‘lmagan (2 yilgacha ilmiy faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan) kichik ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar;
— doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga — fan nomzodi (yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga va xorijiy davlatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ilmiy darajasiga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan yetakchi ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar to‘lanishi belgilab qo‘yildi.