O‘zbekistonda ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi.
Farmon Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida imzolandi.
Unga ko‘ra, 2015 yilning 1 sentyabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 baravar oshirilishi belgilandi.
2015 yilning 1 sentyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi – oyiga 130 240 so‘m;
yoshga doir pensiyalar – oyiga 254 730 so‘m;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 254 730 so‘m;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 156 310 so‘m miqdorida belgilansin.
Ish haqi hamda pensiyalarga qo‘shilgan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 2015 yilning 1 sentyabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.