Mart oyidan boshlab televideniyeda "Kuch birlikda” deb
nomlangan bolalar uchun sarguzasht serial ekranga chiqadi. Bugungi kunga kelib
filmni suratga olish ishlari yakunlandi. Hozir montaj va ovoz berish
jarayonlari davom etmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, serial o‘zbek va
rus tillarida efirga uzatiladi. Bu haqda "Podrobno” nashri xabar berdi.
2013-yilning sentabr oyida YUNISEFning moddiy
yordami va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan "Kinoprom” kompaniyasi bolalar uchun birinchi
mahalliy sarguzasht serialni suratga olish ishlarini boshladi.
Rejissor Andrey Afrinning so‘zlariga ko‘ra, serial
syomkalarida 168 nafar aktyor ishtirok etdi. Unda qatnashgan bolalar
professional aktyorlar emas, ular kasting yordamida tanlangan. Kimdir teatrda
ozgina tajribaga ega, yana kimdir reklamaga tushgan. Ammo ularning hammasi
oddiy bolalar, serialda o‘zlarini aks ettirgan.
Syujet bo‘yicha mamlakatimizning turli joylaridan kelgan
yettita bola ta’til vaqtida sirli xat olishadi. Maktubda ularga muhim vazifa
berilgan bo‘ladi. Bunda ularning yetakchisi imkoniyati cheklangan
jajji qizaloq Lola bo‘ladi. Bolalar va qizlar "maxfiy xizmat”ning
a’zolari etib tayinlanadi. Ularning oldida dunyoni qutqarish yoki katta
shaharda yo‘qolgan bolani topish vazifasi qo‘yiladi. Maxfiy vazifalar qayerdan
uzatilishi hech kimga ayon bo‘lmagan Ma’lumotlar markazidan kelib tushadi.
Ushbu Markazga yosh qahramonlar "teleportatsion braslet” orqali o‘tishadi.
Serialning har qismida O‘zbekistonning turli joylaridagi yangi sarguzashtlar
namoyish etiladi.
Tez kunlarda serialning 15 qismdan iborat birinchi fasli
ekranga chiqadi. Fantastik serial mualiflari ikkinchi faslni suratga olishni
rejalashtirgan. Rejissorning ma’lum qilishicha, ikkinchi mavsum juda kichik
bolalar uchun mo‘ljallangan. Buni hisobga olgan holda ba’zi qahramonlar
o‘zgarishi mumkin.