Shakira saratonga chalingan bolalar uchun sochsiz qo‘g‘irchoqlarni ishlab chiqardi
Kolumbiyalik mashhur xonanda Shakira xayriya ishlarining davomi sifatida yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. Bu safar u ispaniyaning Juegaterapia xayriya fondi bilan hamkorlikda sochsiz qo‘g‘irchoqlarni ishlab chiqardi. Bu haqda “Starslife.ru” yozmoqda. Pilon deb nomli ushbu qo‘g‘irchoqlar savdosidan tushgan pullar bolalar orasida saraton kasalligi bilan kurashish uchun sarf etiladi.
Bu qo‘g‘irchoqlarning boshqa qo‘g‘irchoqlardan farqi juda katta. Odatda qo‘g‘irchoqlarga sun’iy soch o‘rnatiladi. Pilon qo‘g‘irchoqlarining esa sochi yo‘q. Bu bilan Shakira saraton kasalligiga chalingan bolalarni quvontirmoqchi, ularni sog‘lom bolalarga yaqinlashtirib, sog‘lom insonlarga dunyoda minglab qora ko‘zlar ushbu kasallikka chalinganini yana bir bor eslatmoqchi bo‘lsa, ajab emas.
G‘oya mualliflari bu qo‘g‘irchoqlar nafaqat savdodan tushgan pullar bilan, balki saratonga chalingan bolalarga o‘xshash ko‘rinishi bilan ham ularga yordam beradi, deb umid qilishmoqda.
Ma’lumki, ko‘p holatlarda saraton kasalligiga chalingan insonlarda, xususan, bolalarda sochning to‘kilib ketishi kuzatiladi. Bunday qo‘g‘irchoqlar esa ularga kasallikni ruhiy jihatdan to‘g‘ri qabul qilish va yengishga yordam beradi. Bunday qo‘g‘irchoqlarning ishlab chiqarilishi esa saraton bilan og‘rigan kichkintoylar va sog‘lom bolalar o‘rtasidagi tofovutning yo‘qolishiga, saratonga chalinganlar bolajonlarning oddiy bolalar qatoriga moslashuvida katta rol o‘ynashi shubhasiz.