Nukuslik jurnalist bolalar “vahshiyona” filmlar ko‘rayotganidan nolidi
“Voha” gazetasida maqolasi chop etilgan Islom Matekov Nukusdagi 3D kinoteatrlarida ko‘p qo‘yilayotgan “vahshiyona” filmlarni tanqid ostiga oldi.
“Ammo shahrimizdagi bunday tomoshagohlarda namoyish etilayotgan ko‘pgina filmlarning nomlarini eshitishdanoq ko‘nglimiz xijil bo‘lib ketadi: “Angeli i demoni”, “Myortviy dom”, “Grobnisi faraona”. Kinoteatrlarga tashrif buyurayotganlarning barchasi yoshlar. Yuqorida nomlari zikr etilgan vahshiyona filmlarni tomosha qilish uchun ota-onalar hali oq-qorani tanimaydigan kichkina bolalari bilan navbat kutmoqda”, - deb yozadi u.
Muallifning fikricha, bunday filmlar yosh avlodning ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, u tajriba sifatida “Myortviy dom” filmini tomosha qilganini aytib, bu filmdan olingan taassurotlar bilan o‘rtoqlashdi.
“Filmda uy ichida o‘lik odamlar yerda yotar, har xil qo‘rqinchli ovozlar eshitilar, har damda ustimizga qon sepilar va o‘lik odamlar tirilib, oyoqlarimizdan tortardi. Bunday vaziyatlarni nafaqat tomosha qilish, balki gapirib berishning o‘zi har qanday odamda vahima uyg‘otishi aniq. Biz ham 3-4 daqiqadan so‘ng u yerdan chiqdik, ammo kulib yoki ajablanib emas, qo‘rquvdan yig‘lab, dovdirab, izimizda navbat kutib turganlar ham ko‘zimizga ajinadek ko‘rinib ketdi”, - deydi Matekov.