O‘zbekiston U-20 Qirg‘iziston U-22 bilan durang o‘ynadi
Bugun “Jar” stadionida Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Qirg‘iziston olimpiyachilariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Avval O‘zbekiston U- 22’ga qarshi o‘ynagan Qirg‘iziston olimpiya terma jamoasi endi ikkinchi uchrashuvda o‘zlaridan kichikroq futbolchilar bilan nazorat uchrashuvida maydonga tushdi.
O‘yin avvalidayoq O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi hisobda oldinga chiqib oldi. Mirjamol Qosimov o‘yinning 6-daqiqasida hisobni ochdi. Birinchi bo‘limda boshqa gol kiritilmadi.
Ikkinchi bo‘limni qirg‘izistonlik futbolchilar faolroq boshladi. 50-daqiqada Qayrat Jirgalbekulu hisobdagi muvozanatni tikladi. Ko‘p o‘tmay mehmonlar penalti ishladi va uni Akram Umarov aniq amalga oshirdi – 2:1.
Bu hisob ham uzoq vaqt saqlanib turmadi. 59-daqiqada zahiradan maydonga tushgan Javohir Siddiqov 60-daqiqada hisobni tenglashtirdi. 2:2 hisobi o‘yin so‘nggiga qadar o‘zgarmadi.
O‘rtoqlik uchrashuvi.
O‘zbekiston U20 – Qirg‘iziston U22 2:2
Gollar: Mirjamol Qosimov (6), Javohir Sidiqov (60) – Qayrat Jirgalbekulu (50), Akram Umarov (55 pen.).