Bugun, 2 sentabr kuni O‘zbekiston respublikasidagi barcha ta’lim muassasalarida yangi – 2015-2016 o‘quv yili boshlandi.
Jumladan, 4520826 nafar o‘quvchi Bilimlar kunini nishonlash, yangi o‘quv yilining ilk kunidagi saboqlarda ishtirok etish uchun yurtimizdagi 9698ta umumta’lim maktabiga qadam qo‘ydi. Ularning 631 ming nafari birinchi sinf o‘quvchilaridir. Ularga 12 nomdagi o‘quv anjomlaridan iborat «Prezident sovg‘asi» belgilanganidek, o‘quv yilining birinchi kunida topshirildi.
Yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash maqsadida 454 nomdagi darslik va o‘quv qo‘llanma chop etilib, joylarga yetkazildi. 1-sinfga qabul qilinadigan o‘quvchilar uchun chet tili darsliklari, mashq daftarlari, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma va multimedia ilovalari chop etildi.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktablar qoshidagi axborot-resurs markazlarining kitob zaxirasini boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun lotin alifbosida 27 nomdagi salkam 850 ming tirajdagi badiiy adabiyotlar, bolalar uchun kitoblar yetkazildi.
2014-2015 o‘quv yilida umumta’lim maktablarini tamomlagan 483 ming nafardan ziyod 9-sinf bitiruvchilari mamlakatimizdagi 1555ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi, shu jumladan, 143ta akademik litsey va 1412ta kasb-hunar kollejidagi ilk tahsilini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan 76ta, shu jumladan, 76 ta, 20ta universitet, 36ta institut, 2ta akademiya, 11ta filial hamda 7ta chet el OTM filiallarida ushbu o‘quv yilida talabalik baxtiga erishgan 57 907 nafar bakalavr, shuningdek, 5 ming nafar magistr o‘z tahsilini boshladi.
|