O‘zbekiston qonunchiligida 1-martdan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston qonunchiligida 2023-yil 1-martdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Norma ushbu sanadan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlar sharhini taqdim etdi.
Banklar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatishni moliyalashtiradi
Amalga kiritilayotgan “yashil energiya” bank moliya mahsuloti tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish va o‘rnatish, energiya tejamkor texnologiyalarini joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan.
Elektr va gaz iste’moli bo‘yicha huquqbuzarliklar elektron rasmiylashtiriladi
Nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida “O‘zenergoinspeksiya”ga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va tegishli ma’lumotlarni “E-ma’muriy ish” tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi.
IT-park rezidentlari uchun to‘lov majburiyatlari miqdori kamaytiriladi
IT-park direksiyasi uning rezidentlari tomonidan har oy o‘tkaziladigan ajratmalar miqdorini, ular tomonidan yaratilgan dastur, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar auditoriyasining qamrovi 500 ming foydalanuvchidan oshganda 25 foizga, 1 million foydalanuvchidan oshganda 50 foizga pasaytiradi.
Davlat xaridlari bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilmoqda
Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlanadi.
Soliq tekshiruvlari ustidan sudga shikoyat kiritish mumkin bo‘ladi
Soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi.
Ikkita tashkiliy-huquqiy shakl bekor bo‘lmoqda
Unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli tashkilot shaklida yuridik shaxs tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi, 2025-yil 1-yanvarga qadar esa mazkur shakldagi yuridik shaxslar boshqa shaklda qayta tashkil etiladi.
Qimmatli qog‘ozlar haqida maʼlumotlar OAVda e’lon qilinadi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki kunlik muddatda OAV va (yoki) o‘zining saytida quyidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi:
qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, uni to‘xtatib turish, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish;
qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, litsenziyani bekor qilish;
qimmatli qog‘ozlar bozorida qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni bajarish huquqini beruvchi malaka sertifikatini berish.
QQS to’lovchilar aktivlari haqidagi ma’lumotni “E-aktiv”ga kiritishga majbur bo‘ladi
QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni davlat soliq organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yaroqsizligi, jismonan va maʼnan eskirganligi natijasida yo‘q qilinganda va kamomad, yo‘qotish yoki shikastlanish (sinish, bo‘linish) sababli hisobdan chiqarilganda uch ish kunidan kechiktirmasdan “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish.
Etnosport bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi
2023-yildan boshlab etnosport turlari bo‘yicha har yili musobaqalar o‘tkaziladi. Xususan, Toshkent shahrida har yili etnosport turlari bo‘yicha Uzbekistan Ethno Games respublika festivali, Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinadi. Bunda “Ichan qal’a” majmuasida festivalning ochilish va yopilish marosimlari o‘tkaziladi.
Qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha kurslar tashkil etiladi
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.