Mamlakatda, avvalgi ikki yildagi kabi, oltinni sanoatni rivojlantirishga sarf etish davom etmoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yil yakuni bo‘yicha tashqi savdo hajmi 42,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu undan oldingi yilga nisbatan 5,8 mlrd dollarga ko‘proq. Shundan 16,6 mlrd dollari eksportga, 25,4 mlrd dollari importga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston kim bilan ko‘proq savdo ishlarini olib borgan
So‘nggi yillarda ilk bor Rossiya O‘zbekistonning savdodagi asosiy hamkoriga aylandi. Bu davlat bilan tovar ayirboshlash hajmi 7,5 mlrd dollarga yetgan.
Xitoy 7,4 mlrd dollar bilan ikkinchi o‘ringa tushgan bo‘lsa, Qozog‘iston 3,9 mlrd dollar bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Turkiya to‘rtinchi o‘rinni (3,3 mlrd dollar), Janubiy Koreya esa beshinchi o‘rinni (1,8 mlrd dollar) egallagan.
Shuningdek, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Germaniya, Ukraina va Afg‘oniston ham kuchli o‘nlikdan joy olgan.
O‘zbekiston bu mamlakatlarning deyarli barchasi bilan savdo munosabatlarida sotishdan ko‘ra, ko‘proq sotib oladi. Ayniqsa, Janubiy Koreya bilan oradagi farq kuchli — eksport atigi 51,8 mln dollarni, import esa 1,8 mlrd dollarni tashkil etgan.
O‘zbekiston kimga nima sotdi
Birinchi o‘rinda sanoat tovarlari (ulushi 26,1 foiz). Ikkinchi o‘rinda oltin (24,7 foiz), uchinchi o‘rinda xizmatlar (15,3 foiz).
Miqdorlar haqida gapiradigan bo‘lsak, sanoat mahsulotlari 4,3 mlrd dollarga, oltin 4,1 mlrd dollarga, xizmatlar esa 2,5 mlrd dollarga sotilgan.
O‘g‘itlar va energiya ishlab chiqaruvchi mashinalar eksporti bir necha baravar oshdi, ammo sabzavot va mevalar, yog‘lar, elektr toki, cho‘yan, po‘lat va oltin savdosi kamaydi.
15,2 foiz ulush bilan Xitoy asosiy xaridor bo‘lgan. Ikkinchi o‘rinda Rossiya (12,4 foiz), uchinchi o‘rinda Turkiya (10,2 foiz).
Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlari xorijga eng ko‘p mahsulot sotgan. Eng kam sotganlar — Jizzax va Xorazm viloyatlari.
O‘zbekiston kimdan nima sotib oldi
Birinchi o‘rinda, avvalgi yillardagi kabi, sanoatni rivojlantirish uchun mashina va uskunalar (8,2 mlrd dollar).
Ikkinchi o‘rinda sanoat mahsulotlari (4,7 mlrd dollar), uchinchi o‘rinda oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (2,5 mlrd dollar).
Ichimliklar, gaz va hayvonlar importi bir necha barobar oshgan. Xorijdan oltin, armatura, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar xarid qilish kamaygan.
O‘zbekiston eng ko‘pi Rossiya (21,4 foiz), Xitoy (19,4 foiz) va Qozog‘istondan (10,8 foiz) xarid qilgan.
Hududlar bo‘yicha eng ko‘p import qilingan mahsulotlar Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Eng kami — Surxondaryo viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatiga.
E’tiborga molik jihatlar
O‘zbekiston sotishdan ko‘ra, ko‘proq sotib olishda davom etmoqda. Bu iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun resurslar va vositalar sotib olinayotgani bilan izohlanadi.
Shu maqsadda mamlakat bir necha yillardan beri sanoat uchun zarur bo‘lgan mashina va uskunalarga eng ko‘p mablag‘ sarfladi. Buning evaziga, masalan, oltin yuborilmoqda.
Xitoy so‘nggi yillarda ilk bor birinchilikni qo‘ldan boy berdi va Rossiya asosiy hamkorga aylandi. Bu ushbu mamlakatdan import hajmining keskin oshgani bilan izohlanadi.
2021-yilda MDH davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 32,6 foizdan 37,7 foizga oshgan. O‘sish 5,1 foiz.
O‘tgan yili O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti hisoblangan oltin bu yil ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Bu sanoat tovarlari savdosidagi kuchli o‘sish bilan bog‘liq.