O‘zbekistonga Rossiyadan sovuq va nam havo kirib keladi
Ertaga, 24 fevral kuni O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga, 25-26 fevral kunlari respublikaning barcha hududlariga Rossiyaning Yevropa qismidan sovuq va nam havo massalari kirib keladi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sherzodxo‘ja Xabibullayev o‘zining Fasebookʼdagi sahifasida ma’lum qildi.
Sherzodxo‘ja Xabibullayevga ko‘ra, ertaga, 24 fevral kunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 25 fevralda respublikaning qolgan hududlarida yomg‘ir, qor yog‘ishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi aytilmoqda.
24-25 fevralda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.
25-26 fevralda harorat kechalari 0-5 sovuqqacha, respublika shimolida 5-10 sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja iliqqacha qisqa muddatga pasayishi kutilmoqda.