O‘zbekiston Markaziy banki “Rossiya-24” telekanalidan raddiya talab qildi
O‘zbekiston Markaziy banki Rossiyaning bir qator ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, “Rossiya-24” telekanali orqali mamlakatda valyuta operatsiyalarining to‘xtatilishi haqidagi axborotning tarqatilishi yuzasidan bayonot e’lon qildi. U milliy regulyatorning rasmiy saytida joylashtirildi.
“Rossiya Federatsiyasi ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, “Rossiya-24” telekanali orqali tarqatilgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar uchun valyuta operatsiyalarining to‘xtatilishi haqidagi axborot yuzasidan bayon qilamizki, bu xabarlar uydirma va provokatsiyadir, valyuta operatsiyalariga hech qanday cheklovlar joriy qilinmagan”, – deyiladi hujjat matnida.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, valyuta operatsiyalarining o‘tkazilish hamda u bilan bog‘liq ravishda chet el valyutasining sotilishi yoki sotib olinishi hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shuningdek, ayni kunlarda dollarning rasmiy kursi “Rossiya telekanali ko‘rsatganday” 5 000 so‘m emas, balki 2 527 so‘mni tashkil qilishi qayd qilindi.
Bunday axborotning tarqatilishini Markaziy bank “provokatsiya va uydirma” deb baholab, bayonotning Rossiya ommaviy axborot vositalarida rasmiy raddiya sifatida chop etilishini talab qildi.