Nodira Qodirovaning sirli o‘limi Turkiyada yana kun tartibiga chiqdi
2019 yil 23 sentyabrda Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati Shirin Unalning Anqaradagi uyida vafot etgan Nodira Qodirova ishi va prokuraturaning gumonlanuvchini sudga tortmaslik to‘g‘risidagi qarori 24 iyul kuni Unalning Ayo Sofiya namozidan so‘ng qoldirgan tviti tufayli yana kun tartibiga chiqdi. Ayo Sofiyani yangidan ibodatga ochilishi doirasida bo‘lib o‘tgan juma namozida qatnashgan Unal masjidning taklif qilingan mehmonlargina kirishi mumkin bo‘lgan ichki qismida tushgan fotosuratini ilova qilgan holda «Ayo Sofiya masjididamiz. Buni nasib aylagan Allohimizga shukrlar bo‘lsin. RAIS (Erdo‘g‘an – tahr.) boshchiligidagi mehnati singan barchadan Alloh rozi bo‘lsin. #Juma muborak bo‘lsin», deya yozgandi u. Uning bu tvitiga jurnalistlar, advokatlar, inson huquqi himoyachilari va boshqa ijtimoiy media foydalanuvchilari «#NadirayaNeOldu» (Nodiraga nima bo‘ldi?) savoli bilan javoblar yozishdi. Unalning juma kuni kechqurun yozgan ushbu tviti ostiga yozilgan izohlar soni 20 mingdan oshdi. 5 mingdan ortiq kishi esa mazkur yorliq bilan retvit qildi. Natijada «#NadirayaNeOldu» yorlig‘i tvitterdagi trendlardan biriga aylandi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri esa «Qotillarning duosi qabul bo‘lmaydi», deya fikr qoldirdi. «Hisob bermaguncha so‘rashda davom etamiz! Nodira Qodirova Shirin Unalning uyida o‘lik holda topildi, barcha shubhalarga qaramay, samarali tergov o‘tkazish o‘rniga gumonlanuvchini jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risida qaror qilindi. Jim bo‘lib qolayotganimiz yo‘q, adolatning etagini qo‘yib yubormaymiz!», dedi yana bir foydalanuvchi. «Ayo Sofiya muhojir bir ayol-ishchining deputatning uyida tag‘in aynan o‘sha deputatning qurolidan o‘q uzilishi natijasida o‘lim topganini ham pardalay oladimi?», deya savol qo‘yiladi yana bir tvitda. «Masjidga borganing bilan qilgan ishlaringni yashira olmaysan. Olloh bilib turibdi», deydi boshqa bir foydalanuvchi. «Ayo Sofiyada faqatgina mazaikalar emas, jinoyat va gunohlar ham pardalandi», deydi yana biri. Nodira Qodirovaning o‘limi haqida nimalar ma’lum? O‘zbekiston fuqarosi, 23 yoshda bo‘lgan Nodira Qodirova Shirin Unalning Anqaradagi uyida 2019 yil 23 sentabr kuni kechqurun jonsiz holda topilgandi. U bu yerda qariyb bir yildan buyon ishlab kelayotgandi. Anqara polisiya boshqarmasi ushbu hodisaga «qurol bilan o‘z joniga qasd qilish» deb baholadi. Qodirovaning yaqin dugonasi Laylo Niyozovaning marhuma bilan so‘nggi suhbati esa marhumaning voqeadan bir kun avval deputat Unalning jinsiy tazyiqiga uchragani haqidagi ayblovlarni o‘rtaga chiqardi. «22 sentyabrdan 23 sentyabrga o‘tar kechasi dugonam Nodira menga qo‘ng‘iroq qildi. Biz ikki soat davomida gaplashdik. U tinmay yig‘lab, hamma narsadan charchaganini, to‘yib ketganini bot-bot takrorladi. Hatto o‘z joniga qasd qilishini ham aytib o‘tdi. Shunda men qo‘ymay sababini so‘raganimda, ikki hafta oldin yotgan xonasiga xo‘jayini kirib, eshikni ichkaridan qulflab unga yopishganini va xo‘jayinning to‘pponchasini o‘qi bilan topib olganini aytdi. Dugonamning bu gaplarini hazilga yo‘ydim. Bunaqa bo‘lishi umuman xayolimga ham kelmagandi», degan edi Laylo Niyozova Turkiyaning «Jumhuriyat» gazetasiga bergan intervyusida. Nodiraning akasi Muhammadali Qodirov esa BBC va boshqa matbuot vakillariga bergan intervyusida singlisining o‘ldirilganini aytgandi. Deputat Unal sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Turkiya Buyuk Millat Majlisida qilgan ochiqlamasida marhumaning psixologik muammolari bo‘lgani va shu bois ikkinchi yordamchini ishga olganliklarini aytgandi. «Biz uni jo‘natmasimizdan avval u o‘zini jo‘natdi. Alloh rahmat qilsin», degandi u. Unal o‘z nutqida barmoq izlarini topshirganini aytib, zimmasidagi barcha vazifalarni bajarishini bildirgan, ammo jinsiy zo‘ravonlik haqidagi ayblovlar yuzasidan hech nima demagandi. Voqea qanday sodir bo‘lgandi? Anqara polisiya boshqarmasi bayonotiga ko‘ra, voqea ro‘y bergan paytda Unal va uning rafiqasi, qizi va boshqa yordamchilari uyda bo‘lgan. Anqara Bosh prokuraturasining bayonotida Qodirova turgan xonaning eshigi qulflangan holda bo‘lgani uchun xavfsizlik va tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan eshik buzib kirilgani va u kasalxonaga jo‘natilgani aytiladi. Nodiraning akasi Muhammadali voqeadan besh daqiqa oldin Shirin Unal bilan gaplashganini aytgandi. «Voqeadan besh daqiqa oldin deputat Shirin Unal menga qo‘ng‘iroq qildi. U menga qurol yo‘qolib qolganini aytdi. «Singling olib, senga bergan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. U to‘pponchani olib, xonasiga qamalib olibdi. Biz eshikni ochishga harakat qilyapmiz», dedi. Bu orada Shirin Unalning qizi Duygu Unal eshikni taqillatayotgandi, baqir-chaqir ovozlari eshitildi. Shundan keyin telefondagi aloqa uzildi. Men darhol taksiga o‘tirdim va voqea sodir bo‘lgan uyga yetib bordim. Borganimda hammasi ro‘y berib bo‘lgan, o‘q uzilgandi. Polisiya meni ichkariga kiritmadi. «Singlim qaerda?» deb so‘radim. Ular «Kasalxonaga olib ketildi», deb javob berishdi. Taksiga o‘tirib, Bilkent shahar kasalxonasiga bordim. «Meni ichkariga kiriting, men uning akasiman», dedim. Ichkariga qo‘yishmadi. Keyin bir doktor chiqib keldi va «Xudo sabr bersin» dedi. O‘sha yerda men tamom bo‘ldim», deydi aka. Shirin Unalning qizi Duygu Unal voqea joyida bergan ko‘rsatmasida o‘sha kun otasini Esonbug‘a aeroportidan olib kelganini, otasi uyga kelgach, undan uydagi qurollar qaerda ekanini so‘raganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, voqealar qurollarni qidira boshlashgandan so‘ng rivojlangan. Voqea yuzasidan qanday tekshiruvlar o‘tkazildi? Anqara Bosh prokuraturasi tergov jarayoni haqida 2019 yil 2 oktyabrda bayonot berdi. Barmoq izlari va tekshiruvlari uchun zarur bo‘lgan namunalar voqea sodir bo‘lgan joyda yashagan barchadan, shu jumladan, deputat Shirin Unaldan ham olingani ma’lum qilindi. Bayonotda otopsi (o‘lim sababini aniqlash maqsadida jasadni tekshirish) natijasida olingan ilk tekshiruvda «marhum ko‘krak qafasi hududidan 5-6 sm balandlikdan o‘q otilishi natijasida o‘lgani aniqlandi», deyilgan. Shuningdek, «otopsi paytida sud tibbiyoti institutidan tirnoq, anal, qon va barcha bio namunalarni olib, kerakli tekshiruvlar o‘tkazish uchun ruxsat so‘ralgani» ma’lum qilingan. Qodirovaga tegishli deb bilingan «mobil telefon, qayd daftari va o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq yozuvlar» tekshirish uchun olingani aytilgan. Qodirovaning advokati professor-doktor Ilyos Do‘g‘anning aytishicha, «voqea joyidagi dalillar sinchkovlik bilan to‘planmagan». Anqara bosh prokuraturasi mart oyida Qodirova «o‘z joniga qasd qildi», degan xulosaga kelgan va jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos yo‘q, deb qaror chiqargan. Mazkur qarorda «Otopsi ma’lumotnomasi mazmunidan ham anglashiladiki, Nodira Qodirovaga qarshi jinsiy zo‘ravonlik o‘tkazilmagan», deb yozilgan. Shubhali ekani aytilayotgan qanday holatlar bor? Ushbu voqealardan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risidagi qarorga nisbatan «jinsiy zo‘ravonlik» va «qotillik» apellyatsiya da’vosi kiritilgan. Arizada «jinsiy zo‘ravonlik jinoyati mavjud» ekani aytilgan va «Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs Shirin Unaldir» degan fikr bayon etilgan. Sud tibbiyot xulosasiga ko‘ra, Qodirovaning tanasidan olingan namunalarda PSA (prostata uchun xos bo‘lgan antijen) mavjudligi bu da’voning asoslaridan biri edi. Qodirovaning advokati Ilyos Do‘g‘an ushbu antijen erkaklarga tegishli unsur ekani va ularning ayollarda topilishi juda kam uchraydigan holat ekanini aytar ekan, jumladan, shunday degandi: «PSA kimga tegishli ekani aniqlanmadi. U yerda faqat bitta erkak bor edi, u ham bo‘lsa Shirin Unal. Hech bo‘lmaganda bir taqqoslash lozim edi». Shirin Unalning advokati Didem Sagin Karaman esa PSA taqqoslashi o‘tkazilganini aytgan va «Modda Nodira Qodirovaga oid bo‘lib chiqdi. Keyinchalik sud tibbiyotiga ham murojaat qilishdi, ba’zi organizmlarda uchrashi mumkin ekanligi ma’lum qilindi», degandi. Hodisa bilan bog‘liq yana bir shubhali holat Shirin Unal nomi bilan ro‘yxatga olingan va Qodirovaning o‘limiga sabab bo‘lgan «Beretta» markali yarim avtomat to‘pponchada hech qanday barmoq izi topilmagani edi. Jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilgan Anqara polisiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, jinoyat joyini tekshirish direksiyasining barmoq izlarini aniqlash bo‘linmasi hisobotida «voqeada foydalanilgan «Beretta» markali qurolda hech qanday barmoq izlari topilmadi», deb aytilgan. Anqara polisiyasi jinoyat laboratoriyasining biologik ekspertiza bo‘limi hisobotida esa qurol tepkisi va jinoyat joyidan olingan almashtirish namunalarining gilamdan olingan qon namunalariga mos kelishi va uning Nodira Qodirovaga tegishli ekanligi aytilgan. Advokat Do‘g‘an to‘pponchada barmoq izlari yo‘qligi xususida «Ikki ehtimol bor: birinchisi, qo‘lqop kiyib o‘q uzilgan bo‘lishi mumkin, bunday holda barmoq izi chiqmaydi. O‘lgan odamda qo‘lqop yo‘q, uning xonasida ham yo‘q. Ikkinchisi, o‘q uzilgandan so‘ng bu izlar yo‘qotilgan bo‘lishi mumkin», degandi. Unalning advokati Karaman esa bu masalada uning mijozi barmoq izlari va almashtirish namunasini berishga majbur bo‘lmagani holda ularni berganini» aytgandi. May oyida Nodira Qodirova ishini sudga tortmaslik to‘g‘risidagi qaror ustidan berilgan apellyatsiya rad etildi. Shundan keyin advokat Do‘g‘an hujjatni Konstitutsiyaviy sudga topshirgan. Uning aytishicha, hujjat hali ham Konstitutsiyaviy sudning dastlabki tergov bosqichida va u hamon qaytadan ko‘rib chiqish bosqichiga o‘tkazilmagan.