Namangan viloyati istiqomad qiluvchi 3 nafar yigit 2 nafar yengiltak qizlar bilan navbatdagi “ko‘ngilxushlik” uchun “g‘aroyib maskanni” topishdi…
Ijaraga olingan “joy”, birinchi marta bo‘lmasa kerak, Chortoq tumanidagi Koroskon iqtisodiyoti kolleji qorovuli tomonidan “tayyor” qilib qo‘yilgandi.
Qorovulxona — spirtli ichimliklar ichiladigan “uchrashuv” joyi, kollej kutubxonasini esa islovotxonaga aylantirgan 4 erkak va 2 nafar ayolning ko‘ngilxushligi uzoqqa cho‘zilmadi.
Hududning milisiya profilaktika inspektori Shuhrat Ismatullaev boshchiligidagi guruh “ijarachi” qorovulni ham, ta’lim maskanini bulg‘ashga kelgan “oshiq-ma’shuq”larni ham sharmandali holatda qo‘lga oldi.
Bu haqda “Postda” gazetasining 7 oktabr sonida e’lon qilingan maqolada batafsil bayon qilingan.
Eng qizig‘i shundaki, huquq-tartibot posbonlari: Ikrom Jo‘raev va inspektor Shuhratjon Ismatullaev huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda jinoiy ish ochish va sodir bo‘lgan voqea-hodisani tegishli tartibda rahbariyatga ma’lum qilish o‘rniga, ikki yengiltak qizni qo‘yib yuborgan, uch yigitga esa pora evaziga “ishni yopish”ni taklif qilgan.
Yigitlardan biri 100 dollar evaziga jinoiy ish ochilishidan “qutulib” qolgan.
Ikkisidan esa ma’lum miqdordagi pul talab qilingan, ammo yigitlar “bugun-erta”, “bori shu” qilavergach, milisiya inspektorlari holi-joniga qo‘ymay qo‘ng‘iroq qilavergach, tamagirlik holati haqida huquq idoralariga xabar bergan.
Hozirda milisiya nozirlari tamagirligi bois jazoga tortilgani xabar qilinmoqda.
Ta’lim maskanini fohishaxonaga aylantirgan yigit-qizlar hamda ularga “sharoit” yaratib bergan qorovul ham tegishli tartibda jazoga tortilgan, deb umid qilamiz.