Namangan viloyati Chust tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 64-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2022 yil 1 avgust kuni noxush voqea sodir bo‘lgan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi xabariga ko'ra, 2017 yilda tug‘ilgan A.Sh. joriy yil 1 avgust kuni ertalab MTTga qabul qilingan. Ta’limiy faoliyatga yaxshi qatnashgan. Kun tartibiga ko‘ra, tushlik qilgan va barcha tarbiyalanuvchilar qatori uxlashga yotgan.
Tarbiyachi uyqudan uyg‘onish vaqti bo‘lganda avval qiz bolalarni, so‘ng o‘g‘il bolalarni hojatga olib chiqish uchun uyqudan uyg‘otgan. Lekin bola boshini ko‘targan va yana yotib olgan. Qizlarni hojatdan olib kelib, tarbiyachi A.Sh.ni uyg‘otgan. Shunda bola tilini chaynab yuborganini ko‘rgan va zudlik bilan hamshira oldiga birinchi yordam ko‘rsatish uchun ko‘tarib olib chiqqan.
MTT hamshirasi bolaga birinchi tibbiy yordamni qilib zaruriy muolajalarni amalga oshirgan va tez tibbiy yordamga xabar berilgan.
Tibbiyot xodimlari harakatlariga qaramay bola vafot etgan. O‘lim haqidagi ma’lumotnomaga asosan “quyi nafas yo‘llarining aniqlanmagan o‘tkir respirator infeksiyasi”, “o‘pka shishishi” o‘lim sababi etib ko‘rsatilgan.
Ushbu holat yuzasidan 2 avgust kuni viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tezkor guruhi tomonidan dastlabki o‘rganish o‘tkazilgan hamda tegishli ma’lumotlar va hujjatlar to‘plangan.
Bildirilishicha, hozirda holat yuzasidan tergov ishlari amalga oshirilmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.