Moskvadagi G‘alaba kuni paradlarida birgina xorijiy davlat rahbari qatnashadi
G‘alaba kuni munosabati bilan Moskvada o‘tkaziladigan tantanalarda qatnashadigan yagona xorijiy davlat rahbari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bo‘ladi. Bu haqda diplomatik manbalarga tayanib, “Vedomosti” nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 31 mart kuni Prezident Sadir Japarov Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukdan Rossiyaga tashrif buyurish taklifini olgan.
“8-9 may kunlari rasmiy tashrifingizni kutmoqdamiz. Ushbu tashrif eng muhim umumiy bayramimiz – G‘alaba kunini nishonlashga to‘g‘ri kelgani alohida ahamiyatga ega. Albatta, Qirg‘iziston bu g‘alabaga va Moskva mudofaasiga qanday hissa qo‘shganini har doim eslaymiz, bu biz uchun muqaddasdir”, degan Overchuk Qirg‘iziston Prezidenti bilan uchrashuvda.
Aytilishicha, Qirg‘iziston Prezidentining tashrifi doirasida nafaqat tantanali tadbirlarda qatnashish, balki yuqori darajada muzokaralar olib borish ham rejalashtirilgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Sadir Japarov oxirgi marta 2022 yilning dekabrida uchrashgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham Vladimir Putin G‘alaba kuni uchun xorijiy davlatlar rahbarlarining hech birini Moskvaga taklif qilmagan. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni yubiley sana emasligi bilan izohlagan. 2021 yilda esa Moskvadagi paradga xorijiy yetakchilar orasida faqat Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kelgan.