Misrda havo haroratining ko‘tarilib ketishi oqibatida 60 kishi halok bo‘ldi. Ularning bir qismini quyosh urgan, bir qismida esa issiq tufayli yurak xuruji kelib chiqqan. Bu haqda Misr sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumot berdi.
Oxirgi bir necha kun davomida Misrning ko‘pchilik hududlarida havo harorati 40 darajadan pastga tushmayapti, janubiy viloyatlarda esa 50 gradusga yetmoqda.
O‘limlarning asosiy qismi poytaxt shahar Qohirada qayd qilingan. Seshanba kunining o‘zidayoq ushbu megapolisda quyosh urishidan 10 kishi halok bo‘ldi.
Shuningdek, issiqlik tufayli 581 kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Yaqin kunlar ichida havo harorati oshishda davom etadi.