Boks bo‘yicha mutlaq jahon chempion Mayk Tayson Madonna bilan birga qo‘shiq kuyladi. Bu haqda xonandaning Facebook’dagi sahifasida xabar berilgan, deb yozmoqda kun.uz.
Amerikalik bokschi Iconic qo‘shig‘ini yozishda Madonna va Chance the Rapper taxallusi ostida ijod qiluvchi reper Chanselor Bennett bilan birga ishtirok etdi.
Ushbu trek Rebel Heart albomidan o‘rin oladi; musiqiy to‘plamning to‘liq ko‘rinishi taqdimoti esa 2015 yil 10 martda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
O‘tgan yilning dekabrida noma’lum shaxslar yangi albomdan o‘rin olishi kerak bo‘lgan qo‘shiqlarning aksariyatini internetga chiqarib yuborishgan edi.
Madonna qonunbuzarlarning bu harakatini terrorchilik deb baholagan va albomga oldindan buyurtma berganlarga to‘plamning olti qo‘shig‘ini iTunes onlayn-do‘konida bepul qilib qo‘ygandi.
Mayk Tayson zamonaning eng mashhur sportchilaridan biri bo‘lib, jahonning mutlaq chempioni unvoniga ega bo‘lgan va Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin olgan.
Amerikalik bokschi o‘z professional faoliyatini 2005 yilda yakunlagan va shundan so‘ng avtobiografiya kitobini yozishga, promouter sifatida ishlashga va 55dan ortiq film, serial va teleshoularda suratga tushishga ulgurdi.