Toshkent mezbonligida o‘tgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatining so‘nggi jangida Bahodir Jalolov qozog‘istonlik sportchiga qarshi ringga chiqdi.
Kamishbek Konkabayev o‘zbekistonlik sportchini Astana Arlans tarkibida mag‘lub etib, jamoasining Uzbek Tigers ustidan qozonilgan 4:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minlagandi. Osiyo chempionatida Jalolov buning uchun o‘ch oldi.
Shu tariqa O‘zbekiston termasi uchun jang qilgan 10 nafar bokschidan 9 nafari qit’a chempionatini chempion sifatida yakunladi. Faqatgina Sanjar Tursunov oltin medaldan quruq qoldi. Shunga qaramay, u pley-off jangida g‘olib chiqib, Germaniyada o‘tadigan Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi.
O‘zbekiston termasi bunga qadar Osiyo chempionatlarida xatto 8 ta oltin medalni qo‘lga kiritmagandi. 2017-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 9 tani tashkil qildi. Bu esa rekord hisoblanadi.
O‘zbekistonlik bokschilar natijasi
Finallar
-49 kg: Hasanboy Do‘stmatov — Gan Erdene Ganxuyang (Mo‘g‘uliston) — oltin
-52 kg: Jasur Latipov — In Kyu Kim (Janubiy Koreya) — oltin
-56 kg: Murod Ahmadaliyev — Jiavei Jang (Xitoy) — oltin
-60 kg: Elnur Abduraimov — Shiva Tapa (Hindiston) — oltin
-64 kg: Iqbol Xoldrov — Chinzorig Batorsux (Mo‘g‘uliston) — oltin
-69 kg: Shahram G‘iyosov — Ablaixon Jusupov (Qozog‘iston) — oltin
-75 kg: Isroil Madrimov — Dong Yun Li (Janubiy Koreya) — oltin
-81 kg: Bektemir Meliqo‘ziyev — Yerik Aljanov (Qozog‘iston) — oltin
+91 kg: Bahodir Jalolov — Kamishbek Konkabayev (Qozog‘iston) — oltin