O‘ta og‘ir vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni Ruslan Chagaev rasman sport olamidagi faoliyatini tugatayotgani haqida xabar berdi. Bu haqda “Ntv” xabar bermoqda.
Bokschining qarori haqida uning sobiq menejeri Timur Dugazaev OAVga ma’lumot berar ekan, ushbu qaror Chagaevning salomatligidan kelib chiqib qabul qilinganini aytdi.
“Ruslan sport olamidagi faoliyatini ko‘rish qobiliyatining pasayishi munosabati bilan tugatdi. Biz unga Lukas Braun bilan chiroyli xayrlashuv jangi o‘tkazishni taklif qildik, buni uyushtirib bera olardik. Biroq Ruslan salomatlik jangdan azizroq, degan fikrda bunga rozi bo‘lmadi”, deydi Dugazaev.
Ma’lumot uchun, hamyurtimiz Ruslan Chagaev 1978 yilning 19 oktyabrida Andijonda tug‘ilgan. Oilali, turmush o‘rtog‘i Viktoriya shifokor. Ularning Artur va Alan ismli o‘g‘illari bor.