Inson zoti borki xato qiladi. Xato qiluvchilarning eng yaxshisi esa undan to‘g‘ri xulosa chiqarib, qayta takrorlamaslikka harakat qiladiganlaridir. Ammo bir necha toifa insonlar borki, ular omma e’tibori ostida bo‘lganlari uchun ham xato-kamchiliklarga imkon qadar yo‘l qo‘ymasliklari lozim. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlangan bugungi kunimizda mashhur san’atkorlar, sportchi yoxud boshqa shaxslarning arzimas xatosi ham katta shov-shuvlarga, tanqidu dashnomlarga sabab bo‘laveradi. Ularning “Axir biz ham oddiy insonmiz, bilib-bilmay xato qilishimiz mumkin”, degan so‘zlari jamiyat tomonidan bir ovozdan qabul qilinavermaydi.
Estrada xonandasida Lola Yo‘ldoshevaning ham keng omma ko‘z o‘ngida jamiyatimiz ko‘nikmagan qiyofada namoyon bo‘lgani keskin tanqid ostiga olindi. Uning sharqona mentalitet qon-qoniga singib ketgan muxlislar oldida tanasining katta qismini ochgan holda chiqishi, uning ustiga, noloyiq xatti-harakatlarni sodir etgani nafaqat oddiy odamlar, balki ko‘pni ko‘rgan, hayotning og‘ir-engil sinovlarida toblangan kishilar, ziyolilarning ham e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Ish “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan uning qonuniy faoliyat olib borishini cheklovchi qaror qabul qilinishi, ya’ni lisenziyasining tugatilishiga qadar borib yetdi.
Lola Yo‘ldosheva o‘zi mansub bo‘lib turgan o‘zbek jamiyatining tartib-qoidalari, odob-axloq mezonlariga qarshi borgani uchun rasmiy sahnalardan olib tashlanganidan so‘ng o‘z aybini tushunib yetgan ko‘rinadi. Bir oz muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan uning gastrol safarlarida tushgan suratlari, Mudofaa vazirligi tomonidan uning nomiga bitilgan tashakkurnoma xonandaning o‘z aybini yuvish uchun harakat qilayotganidan darak beradi go‘yo. Ayni shu maqsadda biz “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga murojaat qildik. Lisenziya bo‘limi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorovning kun.uz`ga ma’lum qilishicha, Lola Yo‘ldosheva estrada birlashmasiga ariza bilan murojaat qilib, yo‘l qo‘ygan kamchiliklaridan pushaymon ekanini bildirgan. Shu sababli ayni paytda xonanda yurtimizning turli chekkalarida tashkil etilayotgan davlat konsert dasturlarida ishtirok etib kelmoqda. Birgina 4 sentabr kunining o‘zida Lola Yo‘ldosheva Samarqand viloyatidagi beshta konsert tadbirida ishtirok etgan (Mazkur tadbirlar to‘g‘risida xonanda “Instagram” ijtimoiy tarmog‘ida ham surat va xabarlar qoldirgan).
— Keyingi hafta “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi maxsus komissiyasining ichki yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda ariza bilan murojaat qilgan Lola Yo‘ldosheva bilan bir qatorda, Yagona va boshqa san’atkorlarning murojaatlari ham ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng ularga lisenziya berish-bermaslik masalasi hal bo‘ladi, —dedi O. Abduqahhorov.
San’atkorlar — el-yurt, xalq xizmatini qilib rizq topadiganlar toifasidir. Muxlislar, oddiy odamlar ortidan obro‘-e’tibor qozonayotgan, rizq-nasiba topayotgan kishilar xalq oldida eng ko‘p ta’zim qilishi, uning har qanday tartib-qoidasi, odob-axloq mezonlarini qattiq hurmat qilishi shart va lozim. Buni barcha san’atkorlar bir daqiqa bo‘lsa ham unutmasligi kerak. Chunki hurmat-e’zoz qilib yuksakka ko‘targan xalqning o‘zi uni yerga urib tashlashi, e’tibordan chetda qoldirishi hech gap emas.