Xonanda Lola Yo‘ldoshevaning kiyinish uslubi va ochiq-sochiq liboslariga nisbatan tanqidlar qancha ortmasin, Lola pinagini ham buzmayapti. Xonandaning kuni kecha muxlislar e’tiboriga havola etgan “Ya voda” qo‘shig‘iga ishlangan videoklipi ham tanqidlardan mustasno emas. O‘tgan oy AQShning Nyu-York shahrida konsert dasturini havola etgan xonanda endi Moskvaga otlanyapti. U Instagram’dagi shaxsiy sahifasi orqali rossiyadagi muxlislariga murojaat qildi.
“Mening qadrdon muxlislarim! Biz dunyoning turli manzillarida yashaymiz. Oramizda uzoq masofalar, shaharlar, hattoki, okeanlar bo‘lsada, biz Instagram olamida doimo birgamiz. Mening Nyu-Yorkdagi konsertimdan so‘ng, oramizdagi bu masofalar qisqardi. Ko‘pchilik muxlislarimning talab va istaklariga binoan keyingi bekat Moskva. Bu konsert nafaqat sizlar uchun, balki men uchun ham uzoq kutilgan dasturlardan biridir. Bu uchrashuvimizni men ham juda uzoq kutdim! Demak, 7 avgust soat 19:00da “Kosmos” konsert zalida ko‘rishamiz. Har biringizni intizorlik bilan kutib qolaman”, deb yozadi Lola Yo‘ldosheva.
Avvallari xonanda Shahzodaning liboslari va ijodiga nisbatan ko‘p tanqidlar bo‘lgandi. Uning ham O‘zbekistondagi faoliyati bir qancha vaqt to‘xtatilganda xonanda Rossiya shou-biznesidan qo‘nim topdi va 7 yildan so‘ng o‘zbek shou-biznesiga qaytdi. Biroq bu qaytish Shahzodani butkul o‘zgartirgan edi. U endi o‘zbek xonandasi degan nomga javob bera olardi. Ochiq-sochiq liboslardan holi, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi tahdidlardan yiroq kliplari bilan yana e’tiborga tushdi, xalq mehrini qozondi. Lola Yo‘ldoshevaning bugungi xatti-harakatlari, ochiq-sochiq liboslari va yevropa shou-biznesiga intilishi kechagi Shahzodani eslatyapti. Balki Lolaga ham tanaffus kerakdir. Endi u na muxlislarining tanqidi va na “O‘zbeknavo”ning cheklovlarini pisand qilyapti. Oyog‘ini ochib suratga tushishni kanda qilmayotgan xonandaning “Ya voda” klipi ham muxlislarni hayratda qoldirdi. Tomoshabinlar klipdagi lavhalarni tanqid qilishdan tinmayapti. O‘zimizning “MY5” telekanali esa bu klipni qayta-qayta namoyish etishdan charchamayapti. Ko‘ramiz, buyog‘i nima bo‘larkin..