Jahonning eng keksa ayoli O‘zbekistonda istiqomat qilayotgani e’lon qilindi
Xorazm viloyati Yangibozor tumani Qalandardo‘rmon qishlog‘i “Mang‘it” mahallasida istiqomat qilayotgan Momojon Romanova “Darakchi” gazetasi tomonidan nafaqat O‘zbekistonning, balki jahonning eng keksa ayoli deb e’lon qilindi. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, onaxon 119 yoshda.
“1896-yilda tug‘ilganman”, — deydi Momojon Romanova. Onaxonning 11 nafar farzandi, 50 nafardan ziyod nevarasi, 70 dan ortiq chevarasi bor.
“Duoga qo‘l ochib, suhbatga yakun yasagan Momojon ayani ko‘p savolga tutgim kelmadi. Charchatib qo‘yishdan cho‘chidim, ammo uning nigohlarida bardamlik, hayotga muhabbat uchqunlari chaqnab turardi”, — deb yozadi suhbat muallifi Nargiza Bo‘ronova.
Kuni kecha Yevropaning eng keksa ayoli, italiyalik Emma Morano 116 yoshga to‘lgani haqida xabar berilgan edi (u 1899-yil 29-noyabrda tug‘ilgan). AQShda istiqomat qilayotgan, 3 dekabr holatiga ko‘ra 116 yosh 150 kunlik bo‘lgan Syuzanna Mushatt-Jons esa rasman jahondagi nafaqat eng keksa ayol, balki eng keksa inson hisoblanadi (u 1899-yil 6-iyul kuni tug‘ilgan).
Qayd etish joiz, bundan avval ham jahonning eng keksa insoni O‘zbekistonda istiqomat qilayotgani aytilgan edi (biroq xalqaro miqyosda rasman tan olinmagan) — 1880-yili tug‘ilgani ta’kidlangan To‘ti Yusupova 2015-yil bahorida, 135 yoshida vafot etgandi.