Islom Karimov xotirasiga respublika bo‘ylab ehson dasturxoni yozildi
2016 yilning 2 sentabr kuni O‘zbekiston xalq og‘ir judolikka uchragan edi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Mustaqillik asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘anievich Karimov 78 yoshida og‘ir xastalik sabab olamdan ko‘z yumdi.
Avgust oyining oxirlarida, respublikasi mustaqillikka erishgan sana – 31 avgust kuniga yaqin Islom Karimovning betobligi haqida tarqalgan xabarlar xalqning bayromona kayfiyatiga qattiq ta’sir qildi. O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik bayrami birinchi bor nishonlanmadi.
Vaqt oqar daryo. Hademay O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov vafot etganiga bir yil to‘ladi. Shu munosabat bilan bugun, 27 iyul kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida Islom Karimovni xotirlash tadbirlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbek milliy urf-odatlariga binoan ushbu marosimlarda elga osh tortildi. Islom Karimov xotirasiga Qur’on tilovat qilinib, duoi fotiha o‘qildi.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ana shunday marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Islom Karimov nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida ham katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanilgan edi.
Islom Abdug‘anievich o‘z faoliyati, butun ongli hayotining ma’no-mazmuni bo‘lgan “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!” degan ezgu g‘oyani ilgari surdi.
Islom Karimov nomi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining qalbidan chuqur joy oldi.