Iroq qurolli kuchlari IShID tomonidan 2014-yilda bosib olingan Al-Falluja shahriga kirdi. Bu haqda ”RIA Novosti” xabar bermoqda.
“30-may, dushanba kuni tongda Al-Fallujadagi operatsiya boshlandi. Harbiylar shaharga uch yo‘nalishdan kirdi”, — deya ma’lum qilgan aksilterror xizmatning rasmiy vakili.
Iroq harbiylar bir hafta avval shaharni ozod qilishga qaratilgan operatsiyaga kirishdi. O‘tgan muddat mobaynida bir necha aholi punktlari ozod qilindi. Shuningdek, IShIDning shahardagi rahbari Hoji Hamza o‘ldirildi.
Shturmdan avval Iroq armiyasi aholini shaharni tark etishga chaqirdi. Bunga imkoni bo‘lmaganlarni jangarilar istehkomlaridan uzoqroq bo‘lish va uylariga oq bayroq ilish tavsiya etildi. IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.