Internetda UMS tarif rejalari haqida ma’lumot paydo bo‘ldi
O‘zbekistonda yangi ochiladigan UMS aloqa operatori dekabrdagi faoliyatini qanday tarif rejalari bilan boshlashi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhi a’zolari xabar bermoqda.
Guruhga joylangan suratlarda tarif rejalarining nusxasi aks etgan. Biroq hujjatlarga imzo yoki muhr qo‘yilmagan.
Xabarga ko‘ra, ushbu tarif rejalari “Start” va “Maksi” deb nomlanadi. “Start” tarifida bir oy uchun abonent to‘lovi 3 dollar (sutkasiga 0,1 dollar), “Maksi”da esa 15 dollarni tashkil etadi. Ularning har ikkalasiga ulanish uchun 1,5 dollarlik to‘lov va SIM-kartaning dastlabki balansini to‘ldirish uchun yana 1,5 dollar to‘lov amalga oshiriladi.
Hujjatlarda har bir tarifdagi kirish va chiqish qo‘ng‘iroqlari, xalqaro qo‘ng‘iroqlar, SMS-xabarlar va mobil internet uchun belgilangan narxlar ko‘rsatib o‘tilgan.
“Start” tarif rejasida UMS abonentlari, O‘zbekistondagi boshqa operatorlar va shahar telefonlariga chiqish qo‘ng‘iroqlari, shuningdek O‘zbekiston ichida SMS-xabar jo‘natish 3 sent, “Maksi”da esa bularning barchasi 2 sentdan belgilangan.
“Maksi” tarif rejasiga har oyda bepul 1000 daqiqa hamda 600 megabayt internet , “Start”ga esa 100 megabaytlik internet paketi ilova qilinadi.
Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi ilova qilingan hujjatlar haqiqiy ekanligiga shubha bildirgan bo‘lsa-da, xabar qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. Izoh yozganlarning deyarli barchasi narxlar balandligiga nisbatan norozilik bildirdi. Ba’zilar internet tezligi va aloqa sifati qay darajada bo‘lishiga qiziqib, bu borada turli taxminlar bildirdi.
UMS tarif rejalari haqida rasmiy ma’lumot berilganicha yo‘q.