Tashrif davomida viloyatdagi dasturchi yoshlar bilan intervьyular o'tkazdik. Ana shunday yoshlardan biri Akmal Qilichbekov bo'ldi.
Qahramonimiz 1993 yil Andijon viloyatida tug'ilgan. 2016 yil Toshkentdagi Turin politexnika universitetini tamomlagan. 6 yildan buyon dasturchi sifatida faoliyat yuritadi.
Hozirgi oyligimning 3 baravari edi
Sohaga kirib kelganimning dastlabki 6 oyida sohani tark etishni o'ylab ikkilanib yurganman. Chunki, dasturchilar uchun har bir kun turli yangiliklar, sinovlar bilan o'tadi. Hozir ko'pchilik IT’ga qiziqyapti. Bu albatta yaxshi, ammo asosan moddiy taraf, ya'ni dasturchilar ko'p pul topadi, degan qarash bor. Menimcha, sohaga qiziqtirishda IT’ni o'rganish uchun zarur bo'lgan bilimlar nuqtayi nazaridan yondashish samaraliroq bo'lardi. Agar bilim bo'lsa, pulni o'zi ortingizdan keladi.
Boshida sohada ishlab yurgan kezlarim men ham ko'p qiyinchiliklarga duch kelganman. Chunki, bu soha O'zbekistonda yangi, so'rab o'rganish uchun ham mutaxassislar yo'q edi. Shunday davrlarda ishdan kelgach, mustaqil o'qib-o'rganardim. Ruslarda shunday maqol bor: “Qilayotgan ishingni yaxshi ko'r, yaxshi ko'rayotgan ishingni qil”. Ya'ni, siz bu sohaning qiyinchiliklariga chidab, ‘chellenj’larni boshdan o'tkazishga tayyor bo'lsangiz, muvaffaqiyatga erishasiz.
Muhandislik sohasidan IT’ga o'tishimga sabab o'zim yozgan dasturlarni real hayotda ko'rishga bo'lgan qiziqish bo'lgan. Bundan tashqari, IT jamiyatning deyarli barcha jabhalariga kirib bo'ldi. IT’da daromad oshishi sizning sohada qay darajada o'sishingizga bog'liq. Rahbaringiz sizning yillik natijalaringizga qarab daromadingizni 30/50/100 foizlarga oshirishi mumkin. Bu, albatta, sizning faoliyatingizni baholash natijasida amalga oshiriladi. Daromadlar haqida batafsilroq aytadigan bo'lsam, O'zbekistondagi Senior Developer’lar 3000 AQSh dollargacha oylik olishadi. Agar O'zbekistonda turib xorijiy kompaniyada ishlasangiz, 5000 AQSh dollar va undan yuqori daromad qilishingiz mumkin. Bu miqdorlar davlatlarga qarab o'zgaradi. Masalan, Germaniyada Senior Developer’lar 8000 AQSh dollar va undan yuqori miqdorda maosh olishadi.
Portfoliosi ham hisobga olinsin
O'zbekistonda IT’ni rivojlantirish uchun bir amaliyotni yo'lga qo'yish kerak deb hisoblayman. Ya'ni, harbiy xizmatni o'tagan yigitlarga beriladigan imtiyozlar kabi IT’da ham bilim va tajribaga ega yoshlarga imkoniyatlar yaratilishi kerak. Chunki, sohada bilimi, tajribasi bor yoshlar ham diplom bo'lmaganligi sababli ishga kirishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Shaxsan o'zimning ham shunday tanishlarim bor. Demoqchimanki, oliy o'quv yurtiga qabul qilishda, ularning portfoliosiga qarab qandaydir imtiyozlar yaratilsa, bu nafaqat ta'lim, balki yoshlar uchun ham foydali ish bo'ladi.