Hollivud aktrisasi O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishi mumkinligini aytdi
Hollivud tarixidagi eng ko‘p mukofotlarga sazovor bo‘lgan aktrisa Meril Stripning ta’kidlashicha, Jonatan Demmining “Rikki va Flesh” kartinasi saundtreki sotuvga chiqqanida u “uyatdan O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishi mumkin”. Bu so‘zlar hazil tariqasida aytildi.
Mashhur aktrisa ushbu yangi kartinada rok yulduzi rolini o‘ynash uchun afsonaviy kanadalik folk-rok ustasi Nil Yangdan dars olganini tan oldi. Shunga qaramay, u o‘zining bu boradagi mahorati hali past darajada deb hisoblamoqda.
“Yang bilan tanishuvimga qadar gitara chalish malakam yo‘q edi, ammo darslar men uchun foydali bo‘ldi. U menga sahnada o‘zimni qanday tutishimni o‘rgatdi, shuningdek, gitara kuchaytirgichidan qanday foydalanishimni tushuntirdi. Yangning maqtovlariga qaramay, men o‘zimning musiqiy qobiliyatlarimni yaxshi deb hisoblamayman. Saundtrek chiqarilganda, uyatdan O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishimga to‘g‘ri keladi”, – dedi aktrisa kechki tok-shoulardan birining efirida.