GM Uzbekistan xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida qo‘shimcha qurilma va opsiyalar tanlash imkonini taqdim etadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
GM Uzbekistan kompaniyasi 2019-yilning mart oyidan yangi opsiyali avtomobillarni ishlab chiqarishni sinov tariqasida yo‘lga qo‘ydi. Xaridorlar yangi opsiyali avtomobillar uchun joriy yilning 15-mart kunidan e’tiboran rasmiy dilerlar orqali shartnoma tuzishlari mumkin bo‘ladi. Mart oyida shartnoma tuzgan xaridorlarning yangi opsiyali ilk avtomobillari 2019-yilning iyun oyida yetkazib beriladi.
Yangi avtomobil opsiyalari modifikatsiyasiga qarab quyidagi opsiyalarni o‘z ichiga oladi:
O‘rindiq va old oynalarni isitish;
Rulning charm qoplamasi;
Qo‘shimcha shovqin izolyatsiyasi;
Radiatorning xrom bilan qoplangan panjarasi;
Masofadan boshqariladigan orqa ko‘rinish oynasi;
Elektron turg‘unlik tizimi;
Shina bosimi monitoringi tizimi va boshqalar.
Dastlabki bosqichda qo‘shimcha opsiyalar bilan Spark, Nexia va Lacetti avtomobillari jihozlanadi, keyinchalik esa ushbu ro‘yxat Cobalt modeli bilan to‘ldiriladi.
2019-yilda yangilangan qo‘shimcha opsiyalar ro‘yxati hamda ular bilan jihozlanadigan avtomobillar soni ortib boradi.
Batafsil ma’lumotlarni kompaniyaning rasmiy sayti va dilerlaridan olish mumkin bo‘ladi.