Bugun, 9 fevral kuni Fransiyaning shimoli-g‘arbiy hududidagi “Flamanvil” atom elektrostansiyasida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda fransuz mahalliy nashrlaridan biri “Ouest France” xabar bermoqda.
Dastlabki tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, halokat kunning birinchi yarmida, Toshkent vaqti bilan esa tushdan so‘ng soat 15:00 arafasida yuz bergan.
AES xizmatchilari portlash mashina zalida paydo bo‘lganini ta’kidlashmoqda. Portlash natijasida qurbon bo‘lganlar va jarohatlanganlar bor. Ayni damda, o‘t o‘chiruvchi xodimlar va shifokorlar voqea joyida ishlamoqda.
Fransiya hukumati portlash natijasida atrofga zarar yetmaganini ma’lum qilgan. Hozircha AES falokatiga nima sabab bo‘lgani oshkor etilmayapti.