Fransiyaning Parij shahri yaqinida otishma ro‘y berdi
Otishma bilan bog‘liq hodisa 14-oktabrda, Fransiya poytaxti yaqinida joylashgan Rensi shaharchasining mahalliy ma’muriy binosi yonida ro‘y berdi. Bu haqda Parisien gazetasi ma’lumotiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Hukumatning hududiy ma’muriy idorasi – sub-prefektura binosidan chiqib kelayotgan uch kishiga hujum qilingan. Ularni uch nafar noma’lum qurollangan shaxs kutib turgan. Ular binodan chiqib kelayotgan odamlarni o‘qqa tutgan. Ushbu odamlardan biri yarador bo‘lgan.
Hujumchilar mashinada qochib ketgan. Jabrlanuvchi kasalxonaga yetkazilgan, uning hayoti xavf ostida emas. Hujum sabablari hozircha noaniq.