Farg‘onada oshxona, choyxona, restoran va kafelar faoliyati qayta tiklanadi
Farg‘onada viloyat koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish shtabi va maxsus komissiya qaroriga asosan 2020 yil 11 avgustdan boshlab, viloyat hududidagi umumiy ovqatlanish obyektlari, jumladan, oshxona, choyxona, restoran va kafelar faoliyatiga ruxsat berildi. Bu viloyatdagi epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlardan biridir. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari karantin talablari va sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilib, kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar bilan taʼminlagan holda o‘z faoliyatini qayta boshlaydi. Faoliyatini davom ettirishga ruxsat etilgan tadbirkorlik subyektlarida tegishli organlar tomonidan karantin talablari, sanitariya-epidemiologik qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boriladi. Barcha xodimlar tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishi, ijtimoiy masofani saqlashi shartligi belgilangan. Restoran va kafelarda banketlar hamda boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi hamda faoliyatini soat 8:00 dan 20:00 ga qadar tashkil etadi.