Farg‘onada ilk marta yurak operatsiyasi o‘tkazildi
Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida ilk bor tug‘ma yurak nuqsoni bilan davolanayotgan ikki nafar bolada murakkab jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.
Tug‘ilganidan buyon dispanser nazoratida turadigan Furqat tumanining Tomosha qishlog‘ida yashovchi 16 yoshli Mirzaxo‘ja Niyozxo‘jayev hamda Qo‘shtepa tumanidan uch yashar Ikromjon Ibrohimovda ochiq arterial protokni bog‘lab qo‘yish operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bolalarning ahvoli stabillashgach, reanimatsiya bo‘limidan muolajalarni davom ettirish uchun jarrohlik bo‘limiga o‘tkazildi.
Jarrohlik amaliyotida viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi kardioxirurgi Javlon Mo‘ydinov, jarrohlik bo‘limi mudiri Ibrohim Umarov, tibbiyot fanlari nomzodlari – Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi kardioxirurgi Abdunosir Turg‘unov va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining anesteziolog-reanimatologi Sanjar Omonov ishtirok etdi.