Facebook internet tarqatuvchi dronlarni sinovdan o‘tkazdi
Facebook kompaniyasi internet tarqatuvchi dronlarni ilk bor sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Mark Sukerberg o‘zining sahifasida aytib o‘tdi.
Uchish qurilmalarining sinov parvozi Buyuk Britaniyada o‘tkazildi. Sukerbergning aytishicha, dronlarning yakuniy varianti Boeing 737 samolyotidan kattaroq bo‘ladi, biroq shu bilan birga uning og‘irligi yengil avtomobilnikidan yengilroq bo‘ladi. Dronlar quyosh batareyalaridan quvvatlanib turadi. Bunday qurilmaning bir parvozi bir necha oylab 18 km dan balandroq masofada davom etadi.
Facebook asoschisining prognozlariga ko‘ra, bunday dronlar sayyoramiz aholisining 10 foizini internetga ulay oladi. Dronlardan tashqari Sukerberg shuningdek Internet.org loyihasini ilgari surmoqda. Bu loyiha dunyodagi eng kambag‘al davlatlarda internetga ulanishni ta’minlashga qaratilgan.