Er-xotin o‘zi ijarada turgan uy egasini vahshiylarcha o‘ldirdi
Yoshi 30 dan oshgan, turmushidan ajrashgan Sabina Tilavova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oilali, uch farzandning otasi Xurshid Suyarov bilan tanishib, norasmiy tarzda er-xotin bo‘lib yashab yurdi.
Tayinli turar joyi, biror kasb-kori bo‘lmagan bu ayol Samarqand shahrida yashovchi Xosiyat Jabborovaning uyidan boshpana topdi, deb yozadi Uz24 nashri “Huquq” manbasi asosida. Xurshid ham Sabinaning oldiga kelib-ketib Xosiyat opaning ancha ishonchini qozondi.
Kunlarning birida ikkovlon yashab turgan xonadonidan tillalarni o‘g‘irlashni reja qilishdi. Ertasi kuni mash’um rejani amalga oshirish uchun dorixonadan ikki ampula "dimedrol" sotib olishdi. Ampulani sutga aralashtirib Xosiyat opaga ichirishdi. Ular ayolning uxlashini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Ayol uyquga ketsa-da, dori ta’siridanmi yoki boshqa sabab tufaylimi, dam ag‘darilib, dam qimirlab yotardi. Bu esa Sabinaning asabini buza boshladi.
U oshxonadagi temir krujkani olib ayolning yuziga zarb bilan tushirdi. Dabdurustdan tushgan zarba ayolning hushini uchirdi va chinqirib yubordi. Sabina chaqqonlik bilan ayolning bo‘ynidan bo‘g‘di. Ikkovlashib ayolni hushidan ketkazishdi. Xurshid oldindan tayyorlab qo‘ygan changyutgichning simi bilan Xosiyat opaning qo‘l-oyoqlarini qayirib bog‘ladi. Keyin esa shafqatsizlik bilan uning bo‘ynidan bo‘g‘di. Azobdan tipirchilayotgan ayolning og‘zi-burnini sochiq bilan bog‘lab tashlashdi. Shu taxlit inson zotiga xos bo‘lmagan bir vahshiylik bilan arzimagan boylik uchun bir insonning umriga zomin bo‘lishdi.
Shundan so‘ng, uydagi bor tilla taqinchoqlarni, qimmatbaho narsalarni, umumiy hisobda 17 mln. 340 ming so‘mlik buyumlarni olib chiqib ketishdi. Tillalarning bir qismini tilla buyumlar savdosi do‘koniga sotib, Toshkent shahriga qarab yo‘l olishdi. U yerga borib bozordan istagan kiyimlarini xarid qilishdi. Keyin esa bu yerlardan uzoqqa qochib, Rossiyaga ketishning yo‘lini axtara boshlashdi. Ammo ular vaqtida qo‘lga olindi.
Sud hukmi bilan Sabina Tilavova 15 yil, Xurshid Suyarov esa 18 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum etildi.