Mutaxassislar fikricha, er-xotin o‘rtasidagi sovuqchilikka jinsiy munosabatlarning ta’siri beqiyos ekan. Zero, erkak va ayol bir-birining xohish-istaklarini to‘g‘ri tushunmasa, kundalik hayotda ham «til topishishlari» oson bo‘lmaydi. Xo‘sh, muammolarga oydinlik kiritish uchun juftliklar jinsiy hayot va nozik muomila sirlari haqida o‘zaro fikr almashishlari zarur(!)mi? Keling, shu haqda sirlashamiz.
Vaziyatni o‘rganing...
Er-xotin bir tanu bir jon ekan, har qanday mavzudagi suhbatni ochiq-oydin muhokoma qilishi mumkin.
To‘g‘ri, kezi kelganda, turmush o‘rtog‘ingiz bilan jinsiy hayot sifati to‘g‘risida suhbat qurishingiz mumkin. Zero, bunga haqlisiz! Ammo bunday suhbatlar uchun vaziyat, sharoit va juftingiz munosabatini ham hisobga olganingiz ma’qul. Sababi ayrim erkaklar uchun nozik munosabatlar mavzusi «pardaga o‘rog‘liq» qolishi shart bo‘lsa, ba’zilar o‘zaro fikr almashishni ma’qullashadi. Agar juftingiz fe’l-atvorini yaxshi bilsangiz, bu borada to‘g‘ri qaror qabul qila olasiz.
Gapni kim boshlaydi?
Bu haqda kim avval so‘zlashi kerak, erkakmi yoki ayol?
Mutaxassislar fikricha, bu mavzudagi savollar ko‘proq erkaklar tarafidan «muhokama»ga qo‘yilib, ular rafiqasining qanday munosabat bildirishiga qiziqishadi. Mana shu vaziyatda sergak bo‘lmasangiz, juftingizga sovuqqon malikadek ko‘rinib qolishingiz ham mumkin. Chunki erkaklar uchun jinsiy hayot qanchalik muhim bo‘lsa, ular ayolidan ham shu qadar ma’suliyat va hayrixohlikni kutishadi.
Istaklarimizni aytamizmi?..
Er-xotin qachon bir-birining xohish-istagini tushuna oladi?
Qachonki, juftliklar bu haqda yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lib, bir-birining ko‘nglini olishga og‘rinmasa... Bilsangiz, ba’zi erkaklar o‘z xohish-istaklari haqida rafiqasiga so‘zlashni yoki piching qilishni uyat bilishmaydi. Aksincha, ayoli ham uni qo‘llab-quvvatlashini istashi mumkin. Demak, er-xotin suhbatida o‘zaro xohish-istaklarni bildirib turish nojo‘ya ish emas. Bunday nozik suhbatlar munosabatlaringizni yanada mustahkamlab, o‘zaro ishonch va hurmatni oshiradi.
Qaydasan «romantika»?
Balki sizga erish tuyular, ammo oilaviy munosabatlarda romantik muhitning ham o‘z o‘rni katta. Buning uchun alohida tayyorgarlik yoki allaqanday xaridlar shart emas. Shunchaki, kundalik turmushingizga ozroq o‘zgarish kiritsangiz bas. Qarshi jins vakillari ko‘rkamlik va rang-baranglikni yoqtirishadi. Garchi bu haqda ochiq-oydin so‘zlashmasa-da, odatiy muhitning o‘zgarishida gap ko‘p. Ba’zi erkaklar aynan ayoli tomonidan e’tibor kuchayganini his qilsalar, o‘zlari ham rafiqalariga nisbatan xushmuomala bo‘lishadi.
Sham yonmasa, parvonasi bo‘lmaydi…
Turmush o‘rtog‘ingiz uchun qanday ko‘rinasiz?
«Hamma qatori» deyishga shoshmay, kiyim javoningizdagi tungi yotoq liboslarini ham bir sidra ko‘zdan kechirib ko‘ring. So‘nggi marta qachon ularni yangiladingiz? Eslaysizmi? Garchi siz uchun ahamiyatsizdek ko‘rinar, ammo mana shu omil ham juftingiz bilan nozik munosabatlaringizda muhim rol o‘ynaydi. Erkaklar nazdida uning ayoli hammadan go‘zal va maftunkor. Shunday ekan, mana shu e’tirofni bardavom etish ham o‘z qo‘limizda!
Maqtov erkakni ko‘klarga ko‘taradi!
Avvallari turmush o‘rtog‘ingizga erkalovchi so‘zlar bilan murojaat qilgansiz. To‘g‘rimi? Xo‘sh, o‘sha kayfiyat nega hozir ko‘rinmaydi? Bilsangiz, erkaklar o‘z juftidan faqat ungagina atalgan va hech kim bilmaydigan so‘zni eshitishni istashadi. Bu go‘yoki juftliklarni ko‘rinmas ip bilan bog‘lovchi va munosabatlarni go‘zallashtiruvchi rishtadir.
Xatti-harakatlar «til»ini bilasizmi?
Kayfiyatingiz yoki sog‘ligingiz yaxshi bo‘lmasa, bu haqda juftingizga qanday bildirasiz? Tabiiyki, erkaklar nazdida bunday vaziyatlar «ayollar bahonasi» xolos. Agar holatingizni qo‘rs harakat bilan oshkor qilsangiz, albatta, juftingiz biror achchiq gap bilan sizni «siylashi» aniq. Yaxshisi, muloyim ohangda vaziyatni shunday tushuntiringki, go‘yo uning uchun antiqa sovg‘a tayyorlagandingiz-u, qurib ketgur bosh og‘rig‘ini deb, amalga oshirolmayapsiz. Ishoning, erkaklar bu borada qiziquvchan bo‘lib, albatta, kelasi safar uchun imkoniyat berishadi.
Hullas, oilaviy hayotingiz ko‘ngildagidek bo‘lishi uchun juftingiz istaklarini tinglashga, hurmat qilishga, o‘z fikr-mulohazangiz, qarashlaringizni yashirmaslikka harakat qiling. Eng asosiysi, hayotingizning ushbu «sahna»sida bosh rol ijrosi faqat U va SIZga tegishli ekanligini esda saqlang.
Oliy toifali shifokor androlog-seksapotolog Ramazon NAZAROV tavsiyalari asosida
MARJONA tayyorladi.
|